XAYNAN
XAYNAN — Xitoydagi provintsiya. Janubiy Xitoy dengizidagi orolda. Materikdan Xaynan bo’g’ozi orqali ajralgan. Maydoni 34,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 7,5 million kishi (1999). Ma’muriy markazi — Xaykou shahri. Relefi, asosan, tekislik, Janubda tog’lar (eng baland joyi 1867 metr) bor. Iqlimi mussonli, tropik iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 16-19°, iyulniki 29°. Doim yashil o’rmon va butazorlar bor. Iqtisodiyotida qishloq xo’jalik yetakchi o’rinda. Sholi, paxta, shakarqamish ekiladi. Mashinasozlik (jumladan, kemasozlik), kimyo va rezina, oziq-ovqat (choy, shakarqand, kokos yong’og’i, konserva) sanoati korxonalari mavjud. Provintsiya 1988 yilda tashkil etilgan.