Xayrobod eshon majmuasi
Xayrobod eshon majmuasi — Toshkent shahridagi me’moriy yodgorlik (16-20-asr boshlari). Xayrobod eshon mablag’iga usta Qoraxo’ja rahbarligida bunyod etilgan. Majmua sharqqa qaratib yonmayon qurilgan, tomi gumbazlar bilan yopilgan masjid, maqbara, hovuzli hovlidan iborat. Maqbara trapetsiya tarhli (7,5×7,7 metr), bezaksiz, pishiq g’ishtdan ganch qorishmasida barpo etilgan. Bosh tarziga devor sathidan 80 santimetr bo’rttirib uncha katta bo’lmagan peshtoq ishlangan, gumbazi ravoklar shaklidagi bag’allarga o’rnatilgan, ichki devorlarida sayoz ravoqli taxmonlar bor, g’arbiy devoridagi tuynuk orqali xonaga yorug’lik tushib turadi. Maqbara eshigi yog’och panjara shaklida, tobadoniga yog’och o’ymakorligida panjara ishlangan. Masjid to’rtburchak xonali (12,5 x 16,5 metr), oldi va shimoliy tomonidan ustunli ayvonlar bilan tutashgan. Masjidning ichki devorlariga taxmonlar va odam bo’yi balandligida gir aylana navoli tokchalar ishlangan. Janub devoridagi 2 ta deraza tashki tarafdan buklama yog’och pardaderaza bilan berkitiladi. Ayvonlar tomi tekis, toqili shifti bir necha bo’laklarga bo’linib, islimiy naqshlar bilan turli ranglarda jozibador bezatilgan. 20-asrda ta’mirlangan. Hovuz saqlanmagan.