Xebey
Xebey — Xitoyning shimoliy qismidagi provintsiya, sharqdan sariq dengizning Lyaodun va Boxayvan qo’ltiqlari o’rab turadi. Maydoni 202,7 ming km2. Aholisi 65,7 million kishi (1999). Hududining katta qismi Buyuk Xitoy tekisligida, G’arb, shimoliy va shimoli g’arbida tog’lar bor. Daryolari zich. Ma’muriy markazi — Shiszyachjuan shahri. Xebey — Xitoyning eng rivojlangan provintsiyalaridan biri. Ko’mir, metallurgiya, mashinasozlik, to’qimachilik, farforchinni sanoatlari mamlakat ahamiyatiga ega tarmoqdar. Mamlakatda qazib olinadigan ko’mirning katta qismi Xebeyga to’g’ri keladi, shuningdek, temir rudalari hamda neft konlari topilgan. Ko’p tarmoqli mashinasozlik, xususan, energetika, konchilik, transport, metallurgiya, neft sanoati uchun jihozlar, qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqarish rivojlangan. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Xandan va Shiszyachjuanda yirik to’qimachilik kombinatlari, Tanshanda keramika kombinati ishlab turibdi. Provintsiyaning Markaziy va Sharqiy qismlari provintsiya tarkibida bo’lmagan Pekin va Tyantszin markazga bo’ysunuvchi shaharlar bilan mamlakatning yagona sanoat rayonini tashkil qiladi. Xebey — mamlakatning muhim dehqonchilik rayoni. Asosiy ekinlari: g’alla va paxta, shuningdek, moyli va boshqa texnika ekinlari ekiladi. Qishloq xo’jaligi, asosan, shaharlar aholisini oziq-ovqat xom ashyosi bilan ta’minlashga qaratilgan. Bug’doy, makkajo’xori, gaolyan, tariq, sholi ekinlari katta hududlarni egallaydi. Shuningdek, soya, yer yong’oq, kunjut, kanop ham ekiladi. Tamakichilik, sabzavot va bog’dorchilik bilan ham shug’ullaniladi. Chorvachilikda qoramol, eshak, qo’y va cho’chqa boqiladi. Parrandachilik rivojlangan. Qirg’oqqa yaqin suvlardan baliq ovlanadi. Buyuk kanal orqali kema qatnaydi. Xebey hududida qadimgi odam — sinantroplar qoldiqlari topilgan. Qadimda Xebey hududi “Yan va yu yeri” deb nomlangan. 17-asr o’rtalarigacha turli podshohlik va davlatlar tarkibida bo’lgan, o’sha vaqtdan Chjili provintsiyasi tarkib topgan. 1928 yildan Xebey nomi bilan ataladi.