Xemosterilizatorlar
Xemosterilizatorlar, hasharot xemosterilizatorlari — beggusht qilish xususiyatiga ega bo’lgan kimyoviy moddalar. Zararkunanda hasharotlarga qarshi biologik kurashda foydalaniladi (ular organizmida genetik va funktsional o’zgarishlarni vujudga keltiradi). Uch guruhga bo’linadi. Antimetabolitlar — metotreksat, aminopterin, ftorurasil va boshqa kimyoviy birikmalar. Ular hasharot organizmiga kirgach, almashinuvchi reaktsiyalardagi normal metabolitlarni siqib chiqaradi, jinsiy hujayra yadrosidagi DNK va RNK sintezini buzadi va asosan, urg’ochi hasharotlarni bepusht qiladi. Alkillovchi moddalar — xlorambutsil, afolat, afroksid va boshqalar. Ular jinsiy hujayra xromosomalarida o’zgarish (ularning qayta-qayta birikishi yoki uzilishi)ga sababchi bo’ladi va, asosan, erkak hasharotlarni bepusht kiladi. Boshqa kimyoviy birikmalar — triazin tipidagi gerbitsidlar, ksilogidroxinon, ba’zi antibiotiklar, alkaloidlar, hasharot gormonlarining ba’zi analoglari Xemosterilizatorlar bo’lishi mumkin. Hasharotlarni pushtsizlantirish uchun preparatning juda oz miqdorini uning terisiga (sirtdan ta’sir etish) tegizish yoki ozuqaga qo’shib berish kifoya. Buning uchun juda oddiy moslamalar (kyuveta, tsilindr, quticha va boshqalar)dan foydalaniladi; bunda ularning ichiga tarkibida ozuqa moddalari — shakar, sharbat hamda hasharotlarni jalb qiluvchi modda — attraktantlar va boshqalar bo’lgan maxsus eritma shimdirilgan doka yoki gubka solinadi. Pushtsizlantirilgan hasharotlar zararkunandalar ko’p tarqalgan joylarga qo’yib yuboriladi. Pushtsizlantirilgan erkak hasharot tabiatdagi serpusht urg’ochisi bilan (yoki aksincha) qo’shilganda vujudga kelgan tuxum rivojlanishga layoqatsiz bo’ladi. Pushtsizlantirish usuli zararkunandalarga qarshi kurashning boshqa usullari bilan birgalikda (masalan, oldin insektisidlar ta’sirida hasharot miqdorini kamaytirib) amalga oshirilganda yuqori samara beradi. Ad.: La Brek J.K., Smit K., Geneticheskie metodi borbi s vrednimi nasekomimi: (Xemosterilizasiya nasekomix)/ Per. s angl. M., 1971; Ximicheskaya zatshi- ta rasteniy Pod Red. prof. G.S.Gruzdeva. 3 izd. M., 1987. Sulton Alimuhamedov, Shamil Xo’jayev.