Xeyze (Heyse) Paul
Xeyze (Heyse) Paul (1830.15.3, Berlin — 1914.2.4, Myunxen) — nemis shoiri, yozuvchi va novellachisi. Berlin, Bonn (1847-51), Shveytsariya va Italiya (1852-53) universitetlarida ta’lim olgan. Myunxen yozuvchilar to’garagi rahbarlaridan biri; “san’at san’at uchun” (sof san’at — badiiy ijodning muayyan maqsadga qaratilgani, san’atning siyosat va jamiyat talablaridan mustaqil bo’lishini yoqlovchi bir qator estetik kontsepsiya) tarafdorlaridan. Dastlabki asarlari — “Arrabiata” novellasi va “Marion” qissasi (1855). “Treppilik qiz” (1858), “Andrea Delfin” (1859), “ona portreti” (1859) asarlari muallifi. Xeyze qissalar va hikoyalardan tashqari dramatik asarlar ham yozgan. “Gans Lange” (1866) pyesasi, “Mariya Magdalina” (1899) tragediyasi ommabop bo’lib ketgan. Shunga qaramay, Xeyze yozuvchi sifatida ko’proq tanilgan. “Asr farzandlari” (1873), “Jannatda” (1875), “Merlip” (1892) romanlarida axloqiy masalalar yoritilgan. Xeyzening 24 jildli novellalari, 6 roman, 60 ga yaqin pyesa va 9 she’riy to’plami nashr etilgan. Nobel mukofoti laureati (1910).