Xidiraliyev Inomjon

Xidiraliyev Inomjon (Inog’omjon) (1891.23.2, Namangan uezdi Pop volostidagi Iskovat qishlog’i — 1928.31.12, Moskva) — davlat va jamoat arbobi, diplomat. Xidiraliyev 1919 yildan turli sovet idoralarida mas’ul lavozimlarda ishladi: Farg’ona viloyati partiya qo’mitasining kotibi (1920-21), Turkiston ASSR yer ishlari xalq komissari (1922), Turkiston ASSR Markaziy ijroiya qo’mitasi raisi (1922-24). RSFSR Yer ishlari, federal komiteti Prezidiumi a’zosi (1923-24). Turkiston ASSR ning RSFSRdagi Muxtor vakili (1924 yil yanvar—noyabr). Xidiraliyev Turkiston Respublikasi manfaatlarini himoya qilib, bolsheviklarning shovinistik siyosatiga qarshi kurashgan. Yer ishlari xalq komissari (1925) sifatida Xidiraliyev O’zbekistonda yer-suv islohotini amalga oshirishda faol qatnashgan. Paxtakor dehqonlarni iqgisodiy jihatdan qo’llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish tarafdori bo’lgan. Moskvaning Vagankovo qabristonida dafn etilgan. Xidiraliyev vafotidan keyin, 1937 yildagi ommaviy repressiya davrida “xalq dushmani” sifatida qoralangan edi. Andijondagi ko’cha, Qo’rg’ontepa tumanidagi maktabga Xidiraliyev nomi berilgan. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida]. T., 2000; Shamsutdinov P., Istiqlol yo’lidashahid ketganlar, T., 2001; Rajabov Q., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917— 1924 y.), T., 2002.