Xirurgiya

Xirurgiya (Yunoncha cheir — qo’l va ergon — harakat, ish), jarrohlik — tibbiyotning bir sohasi. Xirurgik operatsiyalarni talab etadigan kasalliklarni o’rganadi hamda operatsiya qilish usullarini ishlab chiqadi. Qadimdan odamlar o’zo’ziga yoki bir-birlariga yordam berib, jarohatdan oqayotgan qonni to’xtatish uchun jarohatni bosib turish, yaralarga kul sepish kabi oddiy usullardan foydalanganlar. Qadimgi qazilmalarda bosh suyak chanog’i trepanatsiyasi, oyoq amputatsiyasidan keyingi izlar topilgan. Xirurgiya dastlab fan va madaniyati rivojlangan davlatlar (Misr, Hindiston, Yunoniston, Xitoy, Vizantiya) da shakllangan. Miloddan avvalgi ham kasalliklarni davolashda qon chiqarish, qovuqdan toshlarni tushirish operatsiyalari o’tkazilganligi qayd etilgan. Gippokrat (miloddan avvalgi 460-377 yillar) jarohatlarni birlamchi va ikkilamchi bitishini kuzatgan, turli bog’lovlarni qo’yish texnikasini ishlab chiqqan, operasiyani o’tkazishda tozalikka rioya qilish maqsadida qaynatilgan yomg’ir suvidan foydalangan. U ishlab chiqqan plevra bo’shlig’ini drenajlashda qo’llaniladigan qovurg’a rezektsiyasi operasiyasi hozir ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Qadimgi Rimda Tsels (Antillus) ba’zi a’zolar anatomiyasini, yallig’lanishning belgilarini va operatsiya vaqtida qon to’xtatish uchun tomirlarni bog’lash, oqma yaralarni davolash usullarini, Galen esa jarohatlarni tikishda ipaqdan foydalanishni, jarrohlik operatsiyalarini o’tkazishda a’zolarning anatomiyasi va funktsiyasini hisobga olish zarurligini taklif etgan. Abu Ali ibn Sino (980-1037) “Tib qonunlari” asarida xirurgik kasalliklarni davolashda qo’llanilgan usullarni bayon etgan; u operatsiya vaqtida narkoz sifatida bemorga opiy, mandragor ishlatgan, shuningdek, buyrakdan tosh olish, o’smalarni aniqlash va o’smani sog’lom to’qimagacha olib tashlash va boshqa operatsiyalar texnikasini yaxshi bilgan. A. Levenguk (1632-1723) tomonidan mikroskop, V.K. Rentgen tomonidan rentgen nurining kashf etilishi kasalliklarni aniklashda (diagnostika) muhim rol o’ynadi. 1731 yilda Parijda xirurglar akademiyasiga asos solindi. Shundan so’ng Xirurgiya fan sifatida taraqqiy eta boshladi. Umuman Xirurgiya 3 bosqichda rivojlandi: 1) qadimgi zamonlardan antiseptika davrigacha (1860); 2) antiseptika davri (1860— 1890); 3) aseptika davri — hozirgacha davom etmoqda. 19-asrning 2-yarmida narkoz, antiseptika, aseptikaning joriy etilishi Xirurgiya taraqqiyotida ijobiy yutuqlarga olib keldi. Shunga ko’ra me’da, ichaklar, o’pka va boshqa ichki a’zolarda yirik operatsiyalar muvaffaqiyatli o’tkazila boshlandi. 19-20-asrda turli mamlakatlarning xirurglari o’tkazgan keng eksperimental tadqiqotlar eng murakkab operasiyalarni: me’dani, ichak yoki o’pkaning bir qismini olib tashlash, tomirlar va nervlarni tikish, shuningdek, singan suyaklar, jarohatlar, kuyishni davolashning operatsiya usullari va texnikasini ishlab chiqish imkonini berdi. Xirurgiyaning tarmoqlari ko’payib, travmatologiya, ortopediya, urologiya, neyroxirurgiya, bolalar xirurgiyasi kabi mustaqil ilmiyamaliy sohalar vujudga keldi. Hozirgi zamon Xirurgiya fani kimyo, fizika, molekulyar biol. kabi sohalardagi yutuqlar natijasida rivojlanib bormoqda. Shunga ko’ra yurak klapanlari va tomirlarni protezlash, a’zolar hamda to’qimalarni ko’chirib o’tkazish, sun’iy bo’g’imlar yaratish, sun’iy yurak vujudga keltirishga doir ishlar amalga oshirildi. Miokard infarktini operasiya yo’li bilan davolash, mikroxirurgiya (masalan, butunlay uzilgan barmoqni tiklash yoki yurakning mayda tomirlarida yangi qon oqimini vujudga keltirish), lazerlar, maxsus kameralarda yuqori kislorod bosimi, ya’ni giperbarik oksigenasiyani qo’llash, yarador va kuyganlarga davo qilishda mikrobsiz sharoitlar yaratish, sun’iy va qo’shimcha qon aylanishi va boshqalar. Xirurgiyada yangi yo’nalishlar bo’lib qoldi. O’zbekistonda Xirurgiyaning shakllanishi 1920 yil Turkiston universitetining tibbiyot Fakulteti qoshida xirurgiya kafedrasi tashkil etilishi bilan bog’liq. Keyinchalik Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro tibbiyot inti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, shuningdek, Toshkent vrachlar malakasini oshirish intlarida, Butunittifoq klinik va eksperimental xirurgiya ilmiy tadqiqot institutining Toshkent filiali (1977 yil hozirgi V. Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi) da Xirurgiya kafedralari faoliyat ko’rsata boshladi. Mazkur ilm maskanlarida vrachlar tayyorlash va turli xirurgik muammolar ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. O’zbekistonda Xirurgiyaning rivojlanishida S.A. Ma’sumov, O’. O. Oripov, V.V. Voxidov, M. Ashrafova, P.M. Nurmuhamedov, Sh.I. Karimov, D.S. G’ulomov, F.G. Nazirov, S. M. A’zamxo’jaev, S.A. Dolimov, L.D. Vasilenko, A.M. G’ofurov, K.X. Tohirov va boshqalarning xizmatlari katta. Hozirgi ilm-fan va texnikaning rivojlanishi, yangi tadqiqot va davolash usullarini ishlab chiqish va tatbiq etish (endoskopiya, ultratovush, kompyuter tomografiyasi, yadromagnit rezonansli tomografiya, laparoskopiya, lazer nurlari va boshqalar) Xirurgiyani yanada rivojlanishiga olib keldi. 1998 yil Toshkentda shoshilinch tibbiy yordam markazi hamda viloyatlarda uning filial va subfiliallari tashkil etildi. Ad.: A’zamxo’jaev S. A., Rahmonov R.Q., Yanboeva R. K,., Xirurgik kasalliklar, T., 1991; Karimov Sh.I., Shomirzayev N.X., Xirurgicheskie bolezni, T., 1994.