“Xiva gilami” aktsiyadorlik jamiyati
“Xiva gilami” aktsiyadorlik jamiyati — Gilamchilik sanoatining yirik korxonasi. “O’zbekyengilsanoat” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi. Gilam, gilam maxsulotlari, kalava ip ishlab chiqaradi. Korxona Xiva gilam kombinati nomi bilan qurilgan (yillik loyiha quvvati 2450 ming m2 gilam, 4000 tonnadan ortiq kalava). 1-navbati 1977 yilda, 2-navbati 1978 yil oxirida ishga tushirilgan. 1988 yilda kombinat va Hazorasp ip yigiruv fabrikasi qo’shilib, Xiva gilam ishlab chiqarish birlashmasiga aylantirildi. 1990 yilda korxonada 2450 ming m2 gilam va 4022 tonna kalava ip ishlab chiqarildi. 1994 yildan korxona “Xiva gilami” ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. 2001 yilda Hazorasp ip yigiruv fabrikasi mustaqil korxona sifatida ajralib chiqdi. Keyingi yillarda korxona rekonstruktsiya qilindi. Zamonaviy PPM240 sh ip yigiruv mashinalari, Rossiyaning ACH214 tarash apparatlari bilan jihozlandi, korxonada gilam ishlab chiqarish quvvatlarini to’liq ta’minlaydigan hajmda yarim jun kalava ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 2002 yilda korxona ishlab chiqarish maydonining yarmida (30 to’quv stanogi) tashki bozorda xaridorgir bo’lgan jun gilamlar ishlab chiqaradigan “Xiva Karpet” O’zbekiston—Germaniya qo’shma korxonasi tashkil etildi. 2003 yilda korxonada 1430 tonna kalava, 756 ming m2 gilam ishlab chiqarildi. Mahsulotlari Rossiya, Ukraina, Germaniya va boshqa davlatlarga eksport qilinadi. Ad.: Safoev A., Xiva gilami. Urganch, 1993.