Xo’ja Amin maqbarasi
Xo’ja Amin maqbarasi, Xo’jamning qabri — Namangandagi me’moriy yodgorlik (18-asr). Shayx Xovandi Tohur avlodlaridan bo’lgan, Toshkentdan Namanganga kelib o’rnashib qolgan Iminxo’ja Eshon qaynotasi Ibroximxo’ja qabrining Odd tarafiga, pishiq g’ishtdan qabrdan Janubroqda maqbara qurdirgan. Maqbara 11-12-asrlar me’morligi an’analari asosida qurilgan bo’lib, g’ishtlar orasi ganch qorishmasi bilan to’ldirib tekislangan. Qabr ustiga to’g’ri to’rtburchakli sag’ana qo’yilgan. Maqbara (9×12 metr) peshtoqgumbazli; peshtoq va uning ikki yonidagi guldastalari o’zaro mutanosib hamda o’yma girih naqshlar bilan nafis bezatilgan; g’ishtga xomligida o’yma naqshlar ishlanib, so’ng xumdonda qizdirilgan. Peshtog’ining ravog’i o’yma bezakli ustunlar — guldastalarga tayangan. Xonaning ichki gumbazi naqshinkor qovurg’alar bilan bo’linib, har bir bo’lagiga turunjlar, gumbaz osti bag’allariga muqarnasli ravoqlar ishlangan; xona devorining yuqori qismi yozuv qatori bilan gir aylantirib hoshiyalangan. Binoning tashqi bezagida qora va qizil sir, ravoqlarida qizil va yashil sirlangan g’isht, gumbazida qizil va qora sirkori parchinlardan jozibador naqshlar hosil qilingan.