XO’JAHAYRON GAZ KONDENSAT KONI

XO’JAHAYRON GAZ KONDENSAT KONI — Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi kon. Muborak temir yo’l stantsiyasidan 15 kilometr shimoli g’arbda. 1959 yilda ochilgan. 1978 yilda foydalanishga topshirilgan. Kon relefi cho’l tekisligidan iborat. Xo’jaxayron strukturasi muborak ko’tarilmasida joylashgan bo’lib, shimoli sharqqa cho’zilgan braxiantiklinaddan iborat. Burma asimmetrik tuzilishga ega, o’ki yoysimon egilgan, qabariq tomoni Janubga yo’nalgan. Xo’jahayron gaz kondensat konida jami 4 ta burg’i qudug’i qazilgan, yura, bur, paleogen, neogen va to’rtlamchi davr yotqiziqlari ochilgan. Sanoat miqyosidagi gaz uyumlari bilan bog’liq bo’lgan gorizontlar bo’sh ohaktoshlardan tuzilgan, ayrim joylarida zich, g’ovakli ohaktosh qatchalari mavjud. Uyum qatlami gumbazli tipga mansub. Ushbu gorizontlar 1697 -1710 metr chuqurlikda ochilgan. Gorizontning quyi qismidan (1720-1718 metr) gaz suv bilan birga chiqadi. Qatlam suvlari minerallashgan, natriyxlor koeffisienti miqdori 0,9—0,92. Hozirgi kunda kondan foydalanilmoqda.