XO’JAMBERDIYEV TILASH
XO’JAMBERDIYEV TILASH (1938.10.5, Bo’stonliq tumani Sijjak qishlog’i — 2001.7.9, Toshkent) — Sozanda (chang), bastakor. O’zbekiston xalq artisti (1998). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1964). O’zteleradiokompaniyasida Doni Zokirov nomidagi xalq cholg’ulari orkestri sozandasi (1961 yildan), xalq cholg’u ansambli rahbari (1974 yildan). Repertuaridan o’zbek xalq (“kurd”, “ilg’or” va boshqalar) va bastakorlar (F. Sodiqovning “Ishq” kabi) kuylari, o’zbek (T. Azimovning “Go’zal diyorim”, F. Xarratovning “Yoshlar valsi”, T. Toshmatovning “Bahor armug’oni”) va chet el kompozitorlari (U. Hojibekovning “ko’r o’g’li” operasidan raqs, uvertyura va bopshqalar) asarlari o’rin olgan. “Chang taronalari”, “sabolar aytdi”, “Shodiyona”, “Sarvigul”, “Navro’z navosi”, “Gulchehra qiz o’ynasin” kabi chang uchun asarlar yaratgan. Xo’jamberdiyev viloyatlarda xam turli ansambllar (masalan, Farg’ona viloyatidagi “Rayhon” ashula va raqs ansambli va boshqalar) tashkil etgan. Belorussiya, Rossiya, Estoniya, Qozog’iston, Tojikiston kabi mamlakatlarda gastrolda bo’lgan.