Xo’jayevlar

Xo’jayevlar — o’zbek tsirk artistlari sulolasi. Zamonaviy o’zbek tsirkida chavandozlik va ot urgatish janri rivojiga katta hissa qo’shishgan. Sulola asoschisi — Xo’jayev Muhammad (taxallusi “chaqqon”) (1886, Qo’qon — 1971. 28.2, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1939). Ijodiy faoliyatini 8 yoshidan Baratboy rahbarligidagi tsirk guruhida boshlab, muallakchilik, havo gimnastikasi va masxarabozlik o’yinlarida ishtirok etgan. 1900 yildan Namanganlik Mirzaahmad tsirkida muallaqchi qodir Abdullaev bilan ishlagan, 1905 yildan Mullaboy Mansurov tsirkida faoliyatini davom ettirib, qiziqchilar va muallaqchilar guruhlarida qatnashgan, turnikda, bir pogonali va ikki pog’onali chig’iriqda ishlagan. 1919-20 yillar R. Abduxalilov va F. Yupatov tsirklarida ishlagan. 1931 yil “Erkinlikdagi otlar” tomoshasini tayyorlab, o’zbek tsirki tarixida eng kuchli ot o’yinlaridan birini yaratib, ko’p yillar davomida namoyish etdi. Xujayeva Lola (1923.18.9, Samarkand) — chavandoz, it o’rgatuvchi. Muhammad Xo’jayevning qizi. O’zbekiston xalq artisti (1950). 1931 yildan otasi rahbarligidagi “ot ustida voltij” hamda “chavandozlik” uyinlarida, shuningdek, akrobatlar guruhida qatnashgan. 1934 yil “Ot ustida grotesk” tomoshasini yaratib, unda milliy o’zbek raqsi plastikasini an’anaviy chavandozlik tryuklari bilan uzviy bog’ladi. Chopayotgan ot ustida bir necha murakkab o’yinlarni yengil va epchil ijro etar edi, masalan, balandga sakrab, tizzaga o’tirish, so’zanalar ustidan sakrab o’tish, otni tortilgan tasmalar ustidan sakratish va boshqalar. L.X. bajargan betakror mashqlardan biri — chopayotgan otni keng tasma ustidan sakratib, o’zi ham balandlikdagi tasmadan sakragan va yana ot ustiga qaytib tik turgan. 1972 yildan it o’rgatuvchi. Xujayev Lovar (Leonid) (1932.5.6, Toshkent) — chavandoz. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1964). Muhammad Xo’jayevning o’g’li. 1941 yildan akrobatika o’yinlarida ishtirok etgan. 1951 yildan opasi Lola Xo’jayeva bilan “qo’shaloq grotesk” tomoshasini tayyorlab, chopayotgan ot ustida yakka va juft tryuklarni, bir-biriga qarab chopayotgan ikki ot ustida murakkab mashqlarni bajarishgan. Xo’jayev Andrey (1961.21.12, Toshkent) — chavandoz. Lovar Xo’jayevning o’g’li. 1975 yildan “ot ustida grotesk” tomoshasi bilan tanilgan. 1992 yildan “Bo’g’ma ilon bilan olishuv” tomoshasini namoyish etib kelmoqda. Po’lat Toshkanbayev.