Xo’jayli tumani

Xo’jayli tumani – Qoraqalpog’iston Respublikasidagi tuman. 1926 yil 14 yanvarda tashkil etilgan. Amudaryoning chap sohilida joylashgan. Shimoldan Nukus, Janubi sharqdan Qorao’zak, shimoli g’arbdan Qanliko’l, Shumanay tumanlari, G’arb va Janubdan Turkmanistonning ko’hna Urganch tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,85 ming km2. Aholisi 146,4 ming kishi (2004). Tumanda 9 ovul fuqarolari yig’ini (Amudaryo, Begjap, Janajap, Kenagas, Ko’lob, Naymanko’l, Saroyko’l, Sarichunko’l, Somonko’l), 1 shahar (Xo’jayli), 1 shaharcha (Vodnik) bor. Markazi — Xo’jayai shahri. Tabiati. Relefi, asosan, tekislikdan iborat. Ikdimi keskin kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 11°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -6,9°, eng past temperatura -32°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27,1°, eng yuqori temperatura 44″. Vegetatsiya davri 196 kun. Yiliga 120 millimetr yog’in tushadi. Tuman hududi orqali Qo’ng’irot va boshqa kanallar oqib o’tadi. O’simliklardan chiy, qamish, qo’g’a, qo’ytikan, ro’vak, bug’doyiq, ajriq, qorabaroq, oqbosh, qarag’ay, yulg’un, turang’il, yovvoyi jiyda, tol, selin va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan, asosan, kemiruvchilar, sudralib yuruvchilar; qushlardan o’rdak, g’oz, oqqush, qo’ton, birqozon, chittak, inuya, dehqonchumchuq, qizilishton, sassiqpopishak, zarg’aldoq va boshqalar uchraydi. Tuproqlari, asosan, qumli cho’l tuproqlar. Foydali qazilmalardan poydevorda ishlatiladigan tosh olinadi (Sarichunko’l, Naymanko’l). Aholisi, asosan, qoraqalpoqlar va o’zbeklar, shuningdek, qozoq, turkman, rus, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 172 kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda 10 sanoat korxonasi (shu jumladan, un va yorma kombinatlari, sholi okdash, aralash yem zavodlari va boshqalar), 4 avtokorxona, pochta, elektr aloqasi korxonalari, temir yo’l transporti, gaz quvurlari (Rossiya Federatsiyasining Markaziy rayonlari va Uralga gaz uzatadigan kompressor stansiyalar), tikuvchilik fabrikasi, gilamchilik korxonasi va boshqalar faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — Paxtachilik. G’alla, sabzavot va poliz, kartoshka, sholi, yem-xashak ekinlari ham ekiladi. 11 shirkat, 5 fermer xujalik uyushmasi bor. 490 dehqon xo’jaligi tashkil etilgan. Tumandagi 329 ta fermer xo’jaligi dehqonchilik, 69 tasi chorvachilik, 16 tasi bog’dorchilik bilan shug’ullanadi. Tumanda 22,5 ming gektar yerga qishloq xo’jalik ekinlari ekiladi. Xo’jayli tumanidagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarda qoramol, qo’y va echki, yilqi, parranda boqiladi. Pillachilik bilan ham shug’ullaniladi. Tumanda 72 umumiy ta’lim maktabi, 2 maxsus internat maktabi, Mehribonlik uyi, 4 o’quvchilarni kasbga yo’naltirish markazi ishlab turibdi. 9 madaniyat uyi, 3 klub, xalq teatri, madaniyat va istirohat bog’i, 35 kutubxona aholiga xizmat ko’rsatadi. 3 kasalxona, 5 poliklinika, 2 dispanser, 10 qishloq vrachlik punkta, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 14 feldsher-akusherlik punkti, tez tibbiy yordam bo’limi mavjud. Tarixiy va me’moriy yodgorliklardan Mizdaxqon o’rta asr shahri xarobasi, uning hududida Gabr qal’a tepaligi, Jumard tepaligi, Antakiya shahar tepaligi (14-asr), Mazlumxon suluv maqbarasi (13-asr oxiri — 14-asr boshi), Shamun Nabi maqbarasi, Rajab Xalifa uyi, qirq cho’pon yodgorligi saqlangan.