Xolmirzayev Shukur

Xolmirzayev Shukur (1940.24.3, Boysun tumani) — O’zbekiston xalq yozuvchisi (1991). Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1963). “Yosh gvardiya” nashriyotida muharrir (1963-67), Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida adabiy emakdosh (1967-69), “Guliston” (1969— 75) va “Sharq yulduzi” (1978-80) jurnallarida adabiy xodim, bo’lim mudiri. Xolmirzayevning dastlabki hikoya va ocherklari 1958 yildan nashr etila boshlagan. Xolmirzayev ijodining ilk davridayoq xikoya bilan bir qatorda qissa janrida ham qalam tebratib, “oq otli” (1962), “to’lqinlar” (1963), “un sakkizga kirmagan kim bor?» (1965) qissalarini yaratdi. Bu asarlar 60-yillardagi o’zbek qissalarining eng yaxshi namunalaridan bo’lib qoldi. Yozuvchining shu davrda yozgan hikoyalari keyinchalik “olis yulduzlar ostida” (1971), “Hayot abadiy” (1974), “Og’ir tosh ko’chsa…”(1980), “yo’llar, yo’ldoshlar” (1984), “bodom qishda gulladi” (1986), “tog’larga qor tushdi” (1987) singari to’plamlaridan o’rin oldi. Xolmirzayevning hikoya va qissalarida, bir tomondan, yoshlik va talabalik yillarining o’ziga xos romantikasi ifodalangan bo’lsa, ikkinchi tomondan, yozuvchi tug’ilib o’sgan Boysun tumanida yashovchi turfa tabiatli kishilar hayoti, jamiyatda va ular ruhiy olamida kechgan kurash va o’zgarishlar o’zining badiiy talqinini topdi. Keyinchalik Boysun va boysunliklar hayoti Xolmirzayev ijodining asosiy mavzusi darajasiga ko’tarilib, yozuvchi ijodida realistik tasvirning ustuvor yo’nalishga aylanishida muhim omil bo’ldi. Xolmirzayev voqelikdagi murakkab hayotiy jarayonlar va kishilarning ziddiyatlardan iborat ruhiy olamini kashf eta borgani sayin uning dastlabki hikoya va qissalaridagi romantik pafos endi o’z o’rnini realizmga bo’shatib berdi va yozuvchining o’zbek adabiyotiga “shafqatsiz realizm” unsurlarini olib kirishiga imkoniyat yaratdi. Xolmirzayev 80-90-yillarda yaratgan asarlarida mazkur davrdagi jamiyat va xalq hayotining chuqur badiiy tahlilini berdi. Xolmirzayev “So’nggi bekat” (1976), “qil ko’prik” (1984), “yo’lovchi” (1987), “Olabo’ji” (1992), “dinozavr” (1-kitob, 1996) singari romanlarini yozdi. Xolmirzayevning “so’nggi bekat”, “yo’lovchi” va “Olabo’ji” romanlarida sho’ro jamiyatining 70-80-yillarga kelib ichdan yemirila boshlagani yorqin badiiy obrazlar orqali aks ettirildi. Bu romanlarda ko’tarilgan ijtimoiy masala yozuvchining “Dinozavr” romanida o’zining yangicha badiiy talqinini topdi. Sho’ro davlatining xalqparvar davlat ekaniga, u olib borgan ichki va tashqi siyosat xalq va mamlakat manfaatiga xizmat qiluvchi siyosat ekaniga astoydil ishongan kishining hayoti va ruhiy olamidagi ziddiyatlar kurashi tasviri mazkur romanning markazida turadi. Xolmirzayev yozuvchilar orasida birinchilardan bo’lib o’zbek xalqi tarixining “bosmachilik harakati” deb atab kelingan davrini o’rgana boshladi. Yozuvchining “Qil ko’prik” romani va “qora kamar” (1987) pesasida shu mavzu o’z ifodasini topdi. Ularda adashgan kishilar fojiasi obrazlarda yorqin gavdalantirilgan. Xolmirzayev pyesasi asosida Abror Hidoyatov nomidagi yoshlar teatrida sahnalashtirilgan “Qora kamar” spektakli yosh avlodda tarixiy o’tmishga yangicha yondashish maylining paydo bo’lishida muhim rol o’ynadi. Xolmirzayevning o’zbek xotinqizlarining sho’ro davridagi fojiali taqdiriga bag’ishlangan “ziyofat” pesasi ham yoshlar teatrida sahnalashtirilgan (1990). Xolmirzayev so’nggi yillarda Sh. Burhonov, B. Zokirov, R. Choriev, Shuhrat, O. Yoqubov, O’. Umarbekov, A. Oripov, M. Qo’shjonov singari taniqli adabiyot va san’at namoyandalari haqida esselar va adabiytanqidiy maqolalar yozdi. Xolmirzayev — roman janrida bir qator asarlar yozgani va bu asarlar shu davr o’zbek romannavisligi tarixida muayyan o’ringa ega bo’lishiga qaramay, avvalo hikoyanavis. U o’z hikoyalarida A. Qodiriy, A. Qahhor kabi o’zbek yozuvchilarining eng yaxshi an’analarini davom ettirish bilan birga o’zbek hikoyanavisligini rus va Yevropa yozuvchilarining badiiy tajribalari bilan ham boyitdi. Xolmirzayevning eng yaxshi hikoyalari qahramon obrazining yangi va yorqinligi, kompozisiyasining o’ziga xosligi, qahramonlar tilining rang-barangligi bilan ajralib turadi. As: Saylanma [3j.li], 1—2j.lar, T., 200405. Ad.: Karimov H., Shukur Xolmirzaev, T., 1999; Tavaldiev G. N., Shukur Xolmirzayev hayoti va ijodiy yo’li, T., 2001; D o niyorova Sh., Ijodkor vauslub, T., 2004. Naim Karimov.