Xonbandi

Xonbandi — qadimgi suv ombori (10-asr). Hozirgi Jizzax viloyati Forish tumani markazidan 12-15 kilometr shimolda, Pasttog’darasi ichiga qurilgan. Xonbandi Nurota tog’idan oqib chiqadigan Osmonsoy va Ilonchisoyning sel suvlarini jamg’arib, yozda ekinlarni sug’orish uchun barpo etilgan. Xonbandi to’g’oni granit toshlar va suvga chidamli maxsus qorishmalardan ishlangan. To’g’onning balandligi 15,25 metr, uzunligi ustki qismida 51,57 metr, asosida 24,35 metr. Xonbandining uzunligi 1,5 kilometr, eni to’g’on oldida 52 metr, dara og’zida 200 metrga va suv sig’imi esa 1 million 600 ming m3 ga teng bo’lgan. Xonbandi tufayli Qizilqumning Mirzacho’l bilan tutashgan chegarasida taxminan 1,5 ming gektar yer maydoni o’zlashtirilgan. Suv omboridan 6 kilometr shimolda mustahkam rabot qad ko’targan, uning xarobalari Kaltepa deb yuritiladi. Kaltepada olib borilgan arxeologik tekshirishlar bu kichik vohaning 10-asrda obod etilib, 12-asr oxirlarigacha hayot davom etganini aniqlab berdi. Suvni chiqarish uchun Xonbandi inshootining g’arbiy chekkasida 9 ta quvur o’rnatilgan. Ular oqib chiqadigan suvning dinamik ta’siriga qarshi konussimon qilib ishlangan. Xonbandi to’g’onning matematik o’lchovlariga qaraganda uni bino qilgan 10-asr irrigatorlari mazkur inshootni qurishda to’g’on oldiga to’planadigan 16 metr chuqurliqdagi suvning vertikal bosim kuchini hamda inshootni ag’daruvchi gorizontal kuchni aniq muhandislik hisobi asosida belgilab chiqqanlar. Shuning uchun ham Xonbandi to’g’onining asosi yuqori qismiga nisbatan 4 baravar qilib ishlangan (qalinligi ostida 8 metr, yuqorisida 2 metrga teng). To’g’on maxsus loyiha asosida bino qilingan. Ad.: Husanxo’jaev Z. X., Gidrotexnika inshootlari, T., 1968; Muhammadjonov A. R., Qadimgi suv inshootlari tarixidan,T., 1968; Muhammadjonov A. R., O’zbekistonning qadimgi gidrotexnika inshootlari, T., 1997.