Xonqiz neft-gaz koni
Xonqiz neft-gaz koni – Farg’ona viloyatidagi kon, Farg’ona shahridan 27 kilometr Janubi g’arbda. 1957 yilda ochilgan va o’sha yili ishga tushirilgan. Kon relefi yassi, ikki adir oralig’idagi vodiydan iborat. Xonqiz strukturasi Qopchig’ay-Achchisoy antiklinoriysi chegarasida joylashgan bo’lib, kenglik bo’yicha cho’zilgan braxiantiklinaldan iborat. Neogen yotqiziqlari bo’yicha burmaning uzunligi 8 kilometr, eni 4 kilometr. Gumbaz yuzasi keng, qanotlari yassi. Xonqiz neft-gaz konida jami 25 ta burg’i qudug’i qazilgan. Konda sanoat miqyosidagi neft uyumlari paleogen davrining yotqiziqlarida ajratilgan gorizontlarda uchraydi. Ular 1300-1350 metr va 1675 metr chuqurlikda ochilgan bo’lib, gil, alevrolit, mergel qatchalari bilan qavatlangan qumtosh va ohaktoshlardan tuzilgan. 1957-1989 yillarda Xonqiz neft-gaz konining pastki qatlamlari sinab ko’rildi, natijada quyi bo’r davri Muyan svitasida va o’rta yura davrining terrigen yotqiziqlarida 3 ta gorizont ajratildi va gaz uyumlari mavjudligi aniqlandi. Ushbu gorizontlar qumtoshlardan tuzilgan bo’lib, konglomerat va ayrim joylarda karbonat qatchalari bilan qavatlanadi. Gorizontlarning qalinligi 35-58 metr, gazlilik maydonlari 2,16 km2, 3,24 km2 va 31,4 km2 ni tashkil qiladi. Ushbu gorizontlardagi gazning kimyoviy tarkibi bir-biriga yaqin. Yura davri tsatlam suvlari kuchli namakob hisoblanadi, ular xlor- kaltsiyli tipga mansub. Hozirgi kunda kondan foydalanilmoqda.