Xontaxta tizmasi

Xontaxta tizmasi – Hisor tog’ tizmasining Janubiy g’arbiy tarmoqlaridan biri. Janub va Janubiy g’arbda katta O’radaryo, shimol, shimoliy Sharq va sharqqa 60 kilometrdan ziyod masofaga cho’zilgan. O’rtacha balandligi 1500-2500 metr, eng baland joyi 2938 metr. Suvayirg’ich qismi tekislangan yuzalardan iborat. Yon bag’irlari Janubiy va Sharqiy qismida katta O’radaryo o’zanidan deyarli tik ko’tarilgan, shimoliy g’arbiy yon bag’ri esa bir oz Nishab. Etagida adirlar bilan tutashib ketgan va ko’plab daryolar (Langar, Katta O’radaryoning chap irmoqlari) bilan zich va chuqur kesilgan. Xontaxta tizmasi antiklinal strukturadir. Uning suvayirg’ich qismi paleozoy davri yotqiziqlaridan tashkil topgan. Tizmaning yon bag’irlarida yura, bo’r va paleogen ohaktoshlari, gipsli gillar, mergel, qumtosh, konglomeratlar tarqalgan. Daryolar ko’p qismida chuqur daralar hosil qilgan. Ohaktoshlar tarqalgan hududida karst (karst g’ori, voronka va karrlari) hamda kuesta relef shakllari hosil bo’lgan. Iqlimi quruq, yog’ingarchilik asosan, qish va bahorda bo’ladi. Qo’ng’ir va jigarrang tuproqlarda archazorlar, butazor va boshqalar o’simliklar tarqalgan. Yaylov sifatida foydalaniladi.