Xor

Xor (Yunoncha choros — davra o’yin qo’shig’i) — 1) antik davr teatr tomoshalarining jamoaviy ishtirokchisi; birgalikda kuylab, raqsga tushib dramatik holatlarga, qahramonlar harakatiga izoh beradigan aktyorlar guruhi; 2) xonandalar jamoasi. Tarkibiga ko’ra, bir turdagi (erkaklar xori, ayollar xori, bolalar xori) va aralash, shuningdek, ijrochilar soniga qarab kamer (12— 20 kishidan iborat), kichik va katta [100-120 gacha; qo’shma Xorlarda 500— 1000 va undan ortiq ishtirokchi qatnashishi mumkin] Xorlarga bo’linadi. Yevropada professional unison Xorlar xristian cherkovlarda 4-asrdan ma’lum (Kliros). 10-13-asrlarda Xor jamoasining ovoz (partiya)larga bo’linishi boshlandi. Gomofoniya uslubi va mumtoz garmoniyaning rivoji davri (17-asr)dan aralash Xor jamoasi 4 ta (soprano, Alt, tenor, bas) partiyaga ajratildi. Xor ijrochiligi musiqa cholg’ulari jo’rligida va jo’rsiz (a kapella) bo’ladi. O’zbekistonda ko’p ovozli Xor ijrochiligi 19-asr oxiridan rivojlana boshladi (V. Sakovich, N. Mironov. S. Kuzmenko va boshqalar rahbarligidagi jamoalar). Professional Xorlar 20-asr o’rtalarida tashkil topgan: O’zbek radiosi Xori (1947, V. Verov), Navoiy teatri Xori (1948), O’zbek filarmoniyasining Davlat akademik kapellasi (1952, S. Valenkov va A. Sultonov). Aynan shu davrdan boshlab Xor ijrochiligi maxsus musiqa ta’limi tizimiga kiritildi, professional jamoalar qatorida o’quv, havaskor, bolalar Xorlari keng rivoj topdi. Hozirda O’zbekistonda bir necha professional Xor jamoalari faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekiston davlat akademik kapellasi (1978-2001 yillarda badiiy rahbari va bosh dirijyori — A. Hamidov, 2002 y.dan D. Jdanov). Repertuaridan chet el kompozitorlari (Kerubini, Mosart, Verdi, Fore, Gendel, Taneev, Chesnokov, Raxmaninov va boshqalar)ning mumtoz asarlari, shuningdek, qayta ishlangan o’zbek xalq qo’shiqlari, O’zbekiston kompozitorlari asarlari o’rin olgan. O’zteleradiokompaniyasi qoshidagi Respublikada xizmat ko’rsatgan xor jamoasi (tashkilotchisi — B. Umidjonov, 1960; 2003 yildan badiiy rahbari — D. Malikova, dirijyori —J. Shukurov). Ijro uslubida Yevropa xor an’analari bilan milliy xonandalik. uslublari uyg’unlashgan. Repertuaridan M. Burhonov, B. Umidjonov, S. Boboev, Ik. Akbarov, M. Nasimov va boshqalar qayta ishlagan xalq qo’shiqlari, M. Bafoev, F. Alimov, B. Lutfullaev, D. Omonullaeva, N. G’iyosov va boshqa o’zbek kompozitorlarining poyema, kantata, oratoriyalari asosiy o’rin tutadi. Xususiy tashkil etilgan “Ipak yo’li” kamer xori (2001, D. Jdanov) faoliyat yuritmoqda. Repertuaridan jahon xalqlari qo’shiqlari, chet el mumtoz asarlari o’rin olgan. Barno Musaboyeva.