Xorazm dostonchilik maktabi
Xorazm dostonchilik maktabi — baxshilik san’ati markazlaridan biri. Xorazm dostonchiligida mavjud epik asarlar O’zbekistonning boshqa yerlaridagi o’zbeklar orasida tarqalgan dostonlardan mazmuni, uslubi, kompozisiyasi, obraz yaratish printsiplari bilan farq qiladi. Xorazm dostonchilik maktabida og’zaki va yozma adabiyot an’analarining o’zaro ijodiy hamkorligi sezilarli. Badihago’ylik asosiy rol o’ynamaydi, musiqa yetakchilik qiladi. Ko’p hollarda aytuvchi qo’lida dostonning qo’lyozma matni bo’ladi. Xorazmda epik asarlar 3-5 kishidan iborat baxshi ansambllari tomonidan ijro etiladi. Baxshi dostonni dutorda (keyinchalik tor ham ishlatila boshladi) kuylaydi, unga g’ijjakchi, bulamonchi jo’r bo’ladi. Xorazm dostonlarida qahramonlarning histuyg’ularini, ichki kechinmalarini nazm orqali, sarguzashtlarni nasr orqali bayon etish qat’iy tartiblashgan. Doston kuylashdan oldin baxshi ansambli “peshrav”, “Muxammasi ushshoq” kabi biror kuy chaladi, so’ng didaktik xarakterdagi qo’shiq kuylanadi. Doston tugagach, “to’yingdan qaytsin” kuyi ijro etiladi. Xorazm dostonchilik maktabida asar ichki bo’g’iz tovushda emas, balki ochiq ovozda ijro etilishi bilan ham boshqa dostonchilik an’analaridan farq qiladi. Xorazm dostonchilik maktabining yirik vakillari: Suyav baxshi (19-asr), Jumanazar baxshi, Ahmad Baxshi, Matnazar Jabbor o’g’li, bola baxshi, Xudoybergan o’tagan o’g’li, Ollobergan baxshi, Murod baxshi, Boltaboy baxshi, Jumaboy baxshi, qodir sozchi va boshqalar. Ular repertuarida “Go’ro’g’li” turkumi dostonlari, “oshiq g’arib”, “oshiq Maxmud”, “oshiq Oydin”, “Tohir va Zuhra”, “Layli va Majnun”, “Tulumbiy” kabi dostonlar mavjud.