Xorazm qo’g’irchoq teatri

Xorazm qo’g’irchoq teatri, Xorazm viloyat davlat qo’g’irchoq teatri — bolalar teatri. 1993 yil Xiva shahrida tashkil bo’lgan. Teatrning tashkil topishida san’at institutining “qo’g’irchoq teatri” bo’limini bitkazgan maxsus “Xorazm guruhi” bilan birgalikda Ogahiy nomidagi teatr qoshidagi “qo’g’irchoq teatri” studiyasi aktyorlari asos bo’ldi. Teatr o’ziga xos ijod yo’li va uslubiga ega bo’lib, zamonga hamnafas spektakllar bilan bir qatorda xalq ertaklari, mumtoz asarlarga ham alohida e’tibor qaratmoqda, klass kontsert, shou tomoshalari bilan tomoshabinni mamnun etmoqda. “Afandi hangomalari” (M. Quryozov) teatrning ilk spektaklidir. Ketmaket “to’g’ri va egri”, “sirli sandiq”, “chodir Jamol”, “Kashmir qo’shig’i” (Sh. Rashidov), “Susambil” (M. Qodirov) kabi spektakllar sahnalashtirildi. Teatr ijodkorlari turli mavzularga murojaat etgan holda spektakllarga bolalarni fakat xalollikka, mehnatsevarlikka, oqil va bilimdon, Vatanga, xalqiga, otaonasiga muhabbatli bo’lishga undovchi eng muhim tarbiyaviy vosita sifatida qaramoqda. “Tuhmat tosh yorar”, “Shohsanam kissasi”, “Do’stlik bog’i” (S. Kozlov), “Afrika qo’shig’i” (D. Saburov), “tilla tarvuz”, “yangi yil yertagi” (O. Abdullaev), “qizil tanlilar sardori” (O. Genri), “Oltin baliq” (A. S. Pushkin), “ishlamagan tishlamaydi” (U. Xo’janiyozov), “tulki hiylasi” (M. Ashurova), “To’tixon shou” (klass kontsert), “o’rmondagi bazm” (shou tomosha) va boshqa teatr sahnasidan o’rin olgan eng yaxshi asarlardir. Roxila Matniyozova, Yusufboy Yusupov, Umid Dosov, Davron Ismoilov, Farog’at Saidnazarova va boshqalar teatrning yetakchi aktyorlaridir.