Xotun, qatun
Xotun, qatun — xoqon xotini va hukmdor ayolga nisbatan qo’llanilgan turkiy unvon. Dastlab, hunlar davrida (miloddan avvalgi 3 — milodiy 3-asrlar) qayd etilgan. Turk xoqonligi davrida (6-8-asrlar) xoqondan keyin 2-darajada turuvchi unvon. Xotunlar to’ra asosida xoqon bilan birgalikda hokimiyatni boshqarishgan. Tarixda turkiy hukmdorlarning bir necha xotini bo’lganligi, faqat ulardan biri — bosh Xotun bo’lganligi ma’lum. Xoqon vafot etganda o’rnini egallaydigan o’g’li kichik yosh bo’lsa Xotun uning nomidan hokimiyatni boshqargan. Harbiy safar chog’ida ham Xotunlar hukmdorlar yonidan joy olganlar, shuningdek, xukmdor saroyda bo’lmagan paytda saroyni boshqarib, elchilik hay’atlarini qabul qilganlar. Turk xoqonligi davrida unga bo’ysunuvchi bir qator o’lka, davlatlarda Xotun unvoni keng tarqalgan. Jumladan, Choch, Sug’d, Buxoro, Toxariston, Zobuliston va Gandxarada ushbu unvon xukmdorlarning bosh xotiniga nisbatan qo’llanilgan. Masalan, Xitoy va Arab manbalarida qayd etilishicha, Choch vohasida 7-8-asrlarda xotunkat (“xotun shaxri”) mavjud bo’lgan. Buxoroga 7-asrning 80-yillarida arablar bostirib kirgan paytda ularga Buxorxudot va xotun qarshi chiqqan. Arablar tomonidan Bidun o’ldirilgach, uning o’g’li Tug’shoda yosh bo’lganligi sababli taxtga xotini Xutak xotun o’tiradi. Shuningdek, 726 yilda shimoliy Hindistonda bo’lgan Xitoy sayyohi Xoy Chao bu yerdagi Gandxara o’lkasini turkiy sulola boshqarganligi va hukmdorning ayoli Katun (xotun) budda monastiri qurdirganligini qayd etgan. 7-8-asrlarga taalluqli sug’diy yozuvli qadimgi turkiy tangalar orasida qo’shaloq tasvirli; o’ng tomonida hukmdor va malika tasvirlangan, orqa tomonida esa MR’Y (hukmdor) va a.’ttwnh (xatun) unvoni zarb qilingan tangalar uchraydi. Ushbu tangalar, asosan, mamlakatimiz hududidan topilgan bo’lib, Sug’d yoki Buxoroda hukmronlik qilgan turkiy sulolaga mansub hisoblanadi. Xuroson, Movarounnahr, Sharqiy Turkistonda musulmon dini tarqalgach, turkiy sulolalarda ham ayollarning mavqei saqlanib qolgan va ular Xotun unvoni bilan davlat ishlarida katta o’rin tutganlar. Jumladan, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va bir qator boshqa turkiy davlatlarda Xotunlarning mavqei baland bo’lgan. Masalan, Xorazmshohlar davlatini boshqarishda Muhammad Xorazmshoh onasi Turkon xotunnnng izmidan chiqmagan. Ad.: Gumilev L.N., Drevnie tyurki, M., 1967; Abdurahmonov F., Rustamov A., Qadimgi turkiy til, T., 1982. G’aybulla Boboyorov.