Xovos tumani

Xovos tumani — Sirdaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil dekabrda tashkil qilingan. 1955 yildan 1966 yilgacha Boyovut tumani, 1966 yil 25 avgustdan 1975 yil 6 martgacha Yangiyer tumani deb atalgan. 2004 yil 11 maydan Xovos tumaniga Mehnatobod tumani qo’shildi. Tuman markazi Farhod 5 qishlog’idan Xovos shaharchasiga ko’chirildi. Shimoli sharqdan Boyovut, Janubi sharqdan Toshkent viloyatining Bekobod tumani, Janubda Tojikiston Respublikasi, g’arbdan Jizzax viloyatining Zomin, shimoli g’arbdan viloyatning Sardoba, Mirzaobod tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,5 ming km2. Aholisi 74,1 ming kishidan ziyod (2004). Tumanda 1 shaharcha (Xovos), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Binokor, Gulbahor, Zafarobod, Paxtakor, Sohibkor, Chamanzor, Qaxramon, Turkiston, Farhod, Havotag, Husnobod) bor. Markazi — Xovos shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi, asosan, viloyatning Janub qismida joylashgan. Relefi pasttekislik, kir, baland adir va tog’lardan iborat bo’lib, shimoldan (250350 metr) Janubga (1200-1600 metr) ko’tarila boradi. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, quruq, qishi sovuq. Yillik o’rtacha temperatura 15°, yanvarning o’rtacha temperaturasi -2°, eng past temperatura -30°, iyulning o’rtacha temperaturasi 30°, eng yuqori temperatura 46°. Yillik yog’in miqdori 315 mm (shimoli g’arbda 200-250 mm, Janubda 400-450 mm). Xovos shamoli (Bekobod shamoli) O’rta Osiyodagi eng kuchli shamollardan biridir. Yil bo’yi o’rta hisobda 48-52 kun kuchli shamol esadi, ko’pincha noyabr oyida boshlanib, martda tugaydi. Qishda shamolning tezligi sekundiga 25-30 metr, yozda 10-15 metr bo’ladi. Shamol 1-3 kun, hatto 5 kunlab davom etadi. Vegetatsiya davri 224 kun. Adirlar qumtosh, qum, lyosslardan tashkil topgan. Janub qismidagi adirlarning tuprog’i esa lyoss ustida hosil bo’lgan bo’z, och bo’z, tipik bo’z tuproqlardir. Bu yerlardan bahorikor dehqonchilikda foydalaniladi. Tekisliklarda bo’z, och bo’z, tipik bo’z, o’tloqi bo’z tuproqlar tarqalgan bo’lib, dehqonchilik uchun qulay. Tuman Sirdaryodan chiqarilgan Sarkisov nomidagi Janubiy Mirzacho’l kanali orqali sug’oriladi. Savatsoy, Sarmichsoy, Mo’g’ulsoy, Xo’jamushkentsoy, Qipchoqsoy va boshqalardan ham sug’orishda foydalaniladi. Bahorda adirlar turli o’tlar bilan qoplanadi. Tekislik qismida qo’ng’irbosh, rang, Iloq, qiyoq, sho’ra, shuvoq, yantoq, qamish, paxtatikan, ituzum, shamak, g’umay va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo’ri, chiyabo’ri; qushlardan cho’l burguti, laylak, tustovuq, yovvoyi o’rdak; kemiruvchilardan quyon, tipratikan, kalamush, yumronqoziq, dala sichqoni; sudraluvchilardan toshbaqa, ilonlar, kaltakesaklar va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, qozoq, tatar, turkman, koreys, rus, Qrim tatar, Ozarbayjon, arman, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2ga 49,4 kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda Farhod GES, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi, sanoat, qurilish boshqarmalari, 37 firma va kichik korxona, Xitoy bilan hamkorlikdagi “Xovosfusin” qo’shma korxonasi (kolbasa ishlab chiqaradi), avtokorxona, neft bazasi, MTP, uzumni qayta ishlash, g’isht zavodlari, 3 dehqon bozori bor. Tumanda 3 shirkat, 930 dehqonfermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yer maydonining 36,7 ming gektar yerda dehqonchilik qilinadi. Bog’, tokzor, ko’chatzorlar bor. 13,5 ming gektariga paxta, 11,7 ming gektariga g’alla, shuningdek, sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka ham ekiladi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 17,7 ming qoramol, 21,8 mingga yaqin qo’y va echki, 25,4 ming parranda, 408 ot boqiladi (2004). Tuman hududidan Xovos va Yangier temir yo’l stantsiyalari orqali Toshkent—Samarqand, Toshkent— Xo’jand, Toshkent — Jalolobod poezdlari o’tadi. Xovos— Guliston, Farhod— Xovos, Xovos—Yangiyer yo’nalishlari bo’yicha avtobuslar qatnaydi. Xovos tumanida 2003/2004 o’quv yilida 28 umumiy ta’lim maktabida 15,9 ming o’quvchi ta’lim oldi. 2 iqtidorli bolalar, musiqa maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, 1 madaniyat uyi, 20 kutubxona, 9 estrada, 4 folklor guruhlari, badiiy havaskorlik to’garaklari ishlab turibdi. 9 stadion (shu jumladan, 1 markaziy stadion) mavjud. Tumanda Markaziy kasalxona, tez tibbiy yordam, tashxis markazlari, bolalar jarroxlik, reanimatsiya bo’limlari, yuqumli kasalliklar kasalxonasi, 7 qishloq vrachlik punkti, 3 poliklinikasi, shifobaxsh suv bilan davolaydigan “Xavotog'” sanatoriysi faoliyat ko’rsatadi, 1931 yildan “Xovos ovozi” tuman gazeta chiqadi. Qosim Yoqubov.