Xrestomatiya

Xrestomatiya (Yunoncha chrestos — foydali va manthano — o’qiyman) — ta’limning biror sohasi bo’yicha muayyan ichki tamoyillar asosida tartib bilan berilgan o’quv kitobi. Xrestomatiya o’zbek tilida “majmua” deb ham yuritiladi. Ular ilmiy, badiiy, memuar, publisistik asar yoki ulardan olingan parcha yoxud turli hujjatlardan iborat bo’lishi mumkin. Odatda, Xrestomatiyaga kiritilgan materiallar ayni turdagi maktabda o’qitiladigan muayyan o’quv predmetining maqsadiga muvofiq tarzda tanlanadi. Umumta’lim maktablari amaliyotida ijtimoiy-gumanitar yo’nalishdagi deyarli barcha fanlar bo’yicha Xrestomatiyalar tuzish tajribasi mavjud. Ular o’quvchilarda mustaqil o’qish va ilmiy adabiyotlardan foydalanish malakasini shakllantirish jihatidan katta ahamiyat kasb etadi. “Xrestomatiya” atamasi ilk bor milodiy 4-asrda yunon grammatigi Elladiy tomonidan yunon yozuvchilarining asarlaridan olingan parchalar to’plamiga nisbatan qo’llanilgan. Shundan buen Yevropa ta’lim tizimida bu didaktik ashyodan foydalanib kelinadi. Qadimgi Turkiston maktabxona va madrasalaridagi ta’lim jarayonida talabalarning mustaqil o’qishi uchun foydalanilgan bayozu kulliyotlar ham o’ziga xos Xrestomatiya hisoblangan. O’zbekistonda bevosita pedagogik maqsadda tartib bilan berilgan Xrestomatiyalar ilk bor 20-asr boshlarida Munavvar sori (“Sabzavor”), Abdulla Avloniy (“Birinchi muallim”, “ikkinchi muallim”, “maktab gulistoni”, “adabiyot yoxud milliy she’rlar”), Hamza (“yengil adabiyot”, “qiroat kitobi”) va boshqa jadid ma’rifatchilari tomonidan yangi usul maktablari o’quvchilari uchun tayyorlangan. 20-asrning 20-yillari o’rtalarida chop etilgan Elbekning “go’zal yozg’ichlar”, Cho’lponning “adabiyot parchalari” singari majmualari to’la ma’nodagi o’quv Xrestomatiyalaridir. 20-asrning 50-yillaridan buyon maktab o’quvchilari va oliy o’quv yurtlari talabalari uchun muntazam ravishda Xrestomatiyalar nashr qilib kelinadi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin ham umumta’lim maktablari va oliy o’quv yurtlarida o’qitiladigan ijtimoiy-gumanitar yo’nalishdagi turli fanlardan Xrestomatiyalar tayyorlanmoqda. Xrestomatiyada berilgan matnlar, odatda, asari o’rganilayotgan yozuvchi, faoliyati to’g’risida ma’lumot berilayotgan tarixiy shaxslar, tanishish uchun berilgan hujjatlar haqidagi ma’lumot hamda izohlar bilan ta’minlanadi. Xrestomatiyalar didaktik apparatining mukammalligi uning pedagogik jihatdan samaradorligini ta’minlaydi. Xrestomatiya materiallari tarixiy-xronologik, mavzuviy yoki janriy xususiyatlariga ko’ra joylashtiriladi. Xrestomatiyalar orasida adabiyot buyicha tuzilgan o’quv majmualari alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki ular o’quvchilarga bevosita badiiy asar matni bilan tanishish imkonini berib, ularni mustaqil fikrlashga o’rgatadi. O’zbekiston Respublikasi umumta’lim tizimi amaliyotida adabiyot Xrestomatiyalaridan foydalanish tajribasi keng yoyilgan. Adabiyot Xrestomatiyalari qaysi tamoyillarga ko’ra tuzilgani, materiallar kanday asoslarda tanlangani va joylashtirilganiga ko’ra umumlashtiruvchi, yo’nalishli va tizimli singari turlarga ajratiladi. Umumta’lim maktablarining 5—7-sinflarida umumlashtiruvchi, 8—9-sinflarida yo’nalishli, 10-11-sinflarida tizimli Xrestomatiyalardan foydalaniladi. Xrestomatiyalarning hajmini belgilashda uning qaysi sinf o’quvchilariga mo’ljallangani va qaysi o’quv faniga doyr ekanligi hisobga olinadi. Qozoqboy Yo’ldoshev.