Xromatida
Xromatida (Yunoncha chromatos — rang, bo’yoq) — xromosomaning tuzilma elementi. Hujayra yadrosi interfazasi davrida DNK molekulasining ikki hissa ortishi (replikasiyasi) natijasida hosil bo’ladi. Xromatida mitozning metafazasida ayniqsa yaxshi ko’rinadi. Bu davrda xromosoma 2 ta Xromatidadan iborat. Ular birlamchi belbog (tsentromera) orqali o’zaro birikkan bo’ladi. Mitoz anafazasida tsentromera uzilib, Xromatida yangidan hosil bo’ladigan qizlik yadrolarga tarqaladi va mustaqil (qizlik) xromosomalarga aylanadi. Meyozda gomolog xromosomalar o’zaro yaqinlashib, to’rtta xromatidadan iborat tetradani hosil qiladi. Xromatida o’rtasidagi farq krossingover natijasida yoki har xil Xromatidaning qismlari o’rtasida o’zaro almashinuv tufayli paydo bo’ladi. Ayrim fizik va kimyoviy omillar ta’sirida bunday almashinuv tezlashadi. Almashinuvlar natijasida irsiy xilma-xillik (genetik geterogenlik) ortadi.