Xuayxe

Xuayxe — Xitoyning Sharqiy qismidagi daryo. Uzunligi 813 kilometr, havzasining maydoni 187 ming km2. Asosan, Buyuk Xitoy tekisligidan oqadi. O’rtacha suv sarfi 1000 m3/sek., eng yuqorisi 10— 13 ming m3/sek. Yozda toshadi. Daryo juda ko’p oqiziq keltiradi, bu esa o’zanining kutarilishiga olib keladi. Natijada suv toshqini xavfi kuchayadi. Falokatli toshqinlardan saklanish uchun suv omborlari va qirg’oqlariga dambalar qurilgan. Kanallar orqali sariq dengiz, Yantszi va Xuanxe daryolari bilan bog’langan. Sug’orishda keng foydalaniladi. Quyi qismida kema qatnaydi. Xuayxe vodiysi Xitoyning muhim qishloq xo’jalik rayonlaridan biri. Daryo bo’yida Xuaynan va Benbu shaharlari joylashgan.