Xulm
Xulm — o’rta asrlarda Toxaristonga tobe bo’lgan qadimgi shahar. Balxning Sharqiy tarafida, Amudaryodan 6 farsax narida, Hindukush tog’idan oqib keladigan Xulm soyi bo’yida joylashgan. Uning xarobalari Toshqo’rg’on shahri (Shimoliy Afg’oniston)ning shimoliy g’arbiy tarafida bo’lgan. 7-asrda Xitoy sayyohi Syuan Szan Toxaristondagi Xulin yoki Xuenmo mulkini qayd etib o’tgan. U yerda 10 ta budda monastiri va 500 ga yaqin rohib bo’lgan. Xulm shahri 706 yil arablar tomonidan bosib olinib, vayron etilgan, lekin tez orada qayta tiklangan. 737 yil Xulmda arablarning qo’riqchilari joylashgan. 9-asrda shaharda jome masjidi bo’lgan; arablarning Azdiy, Bakr, Tamim va Qays qabilalari yashagan. 10-asrda Xulm kichik shahar bo’lsada, ko’plab qishloqlari va ekinzorlari bo’lgan keng rustoqqa ega edi. Mahmud ibn Valinyang yozishicha, Xulmning havosi toza bo’lib, ertayu kech tinmaydigan shamol esgan, uni “Xulm shamoli” deb atashgan. 10-asrda Xulm daryosidan shahar atrofini sug’orish uchun kanallar chiqarilgan. 15-asrda Temuriylar davrida Xulmning pul zarb etiladigan o’z zarbxonasi bo’lgan. 17-asrda Xulm Balx viloyatining eng asosiy shaharlaridan hisoblangan. 18-asrda Xulmning Janubi sharqida Toshqo’rg’on shahriga asos solingan, u Hindistondan Buxoroga keladigan savdo yo’lida muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Keyinchalik Xulm asta-sekin tanazzulga uchrab, 19-asrning 2-yarmida tashlandiq holga kelgan. Ad.: Kamaliddinov Sh.S., Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.