Xulosa chiqarish

Xulosa chiqarish – tafakkurning asosiy mantiqiy shakllaridan biri. Unda mantiqning ma’lum qoidalari yordamida bir yoki bir necha hukm (asos)dan yangi hukm chiqariladi. Xulosa chiqarish chin asoslarga tayansa va to’g’ri mantiqiy qoidalardan foydalansa, u vaqtda chiqarilgan xulosa ham chin bo’ladi. Bu printsipga amal qilmaslik Xulosa chiqarishda xatoga olib keladi. Masalan, “hamma mustaqil davlatlar BMT ga a’zo” va “O’zbekiston mustaqil davlat” degan chin asoslardan mantiqiy qoidalarga rioya qilingan holda “O’zbekiston BMT ga a’zo” degan to’g’ri xulosa kelib chiqadi. Voqelikni bilish jarayonida yangi bilimlarni hosil qilishning — Xulosa chiqarishning turli usullari mavjud. Asoslarining soniga ko’ra, bevosita va bavosita Xulosa chiqarish, xulosaning chinlik darajasiga ko’ra, zaruriy va ehtimoliy Xulosa chiqarish, fikrning harakat yo’nalishiga ko’ra, deduktiv, induktiv va analogiya kabi turlarga bo’linadi. Xulosa chiqarishni fikrning harakat yo’nalishiga ko’ra turlarga ajratish nisbatan mukammalroq bo’lib, u Xulosa chiqarishni boshqa turlari haqida ham ma’lumot berish imkonini yaratadi. Xususan, deduktiv Xulosa chiqarish zaruriy Xulosa chiqarish deb, induktiv Xulosa chiqarish va analogiya ehtimoliy Xulosa chiqarish deb karalishi, bevosita Xulosa chiqarish esa deduktiv Xulosa chiqarishning bir turi sifatida o’rganilishi mumkin. Xulosa chiqarish nazariyasining yaratilishi va uni rivojlantirishda Aristotel, Forobiy, Ibn Sino, F. Bekon, M.I.Karinskiy, L.V.Rutkovskiy va boshqa mantiqshunos olimlarning xizmati katta.