Xumkalla qo’ng’izlar
Xumkalla qo’ng’izlar, yer kavlagich qo’ng’izlar (Lethrus apterus) — plastinka mo’ylovlilar oilasiga mansub qo’ng’izlar. Xumkalla qo’ng’izlar tanasi qisqa va yo’g’on (8— 18 millimetr); boshi va oldko’krak yirik, qorni va ko’kragining keyingi ikki segmenta nomutanosib tarzda kichik (nomi shundan). Ustqanot chokidan qo’shilib o’sgan, qanoti yo’q. Yuqori jag’lar, ayniqsa, erkagida kuchli rivojlangan bo’lib, turtib chiqqan. Qo’ng’izlari qishlaydi. Erta bahorda (aprel) qo’riq, tashlandiq, partov va boshqa yerlarda shoxobchali uzun in yasaydi. Urg’ochisi shu in tarmoqchalari chetiga chuqurchalar yasab, bittadan tuxum qo’yadi, ustini lichinkalar oziqlanishi uchun o’simlik poyasi, bargi, shoxchalar bilan yopadi. Urg’ochisi hammasi bo’lib 8-11 ta tuxum qo’ygach, in yo’llarini tuproq bilan bekitib qo’yadi. Xumkalla qo’ng’izlar O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Qo’ng’izi lalmi yerlar hamda cho’lga yondosh dalalardagi, ayniqsa, yangi o’zlashtirilgan joylardagi ekinlarga katta zarar yetkazadi. Xumkalla qo’ng’izlar turli ekinlarni, ko’proq bug’doy, arpani, shuningdek, qisman beda va g’o’zani shikastlaydi. Kurash choralari: Xumkalla qo’ng’izlar ko’payishi uchun qulay qo’riq va partov yerlarni o’zlashtirish; himoya yoki tutqich ariqchalar qazish. Ekin dalalari cheti hamda unga yondosh yerlardagi o’simliklarga xlorofosning 80%li texnik eritmasini va ho’llanuvchi kukunini (0,75—2 kg/ga) sepish.