Xun
Xun (forscha — qon) — qonli o’ch, qarindosh-urug’ning hayoti, nomusori, sha’ni va mulkini himoya qilishdagi qadimgi odatlardan biri. Ibtidoiy jamoa davrida paydo bo’lgan. Ba’zi urug’larda fasat qotilni o’ldirish bilan Xun olinsa, ayrim hollarda uning urug’iga tegishli biror yaqin qarindoshini mahv qilish bilan kifoyalangan. Davlat barpo bo’lgan yangi jamoada bu odatga bir oz chek qo’yilgan. Qasoskorlar bilan javobgarlar doirasi birmuncha qisqartirilgan, keltirilgan zarar miqdori, qasos olingan ob’yektning jinsi, yoshi, jamiyatda tutgan o’rni e’tiborga olingan. Keyinchalik Xun olish yetkazilgan zararni modsiy to’lov bilan qoplash tizimi bilan ham almasha boshlagan. Etnografik tadqiqotlarga ko’ra, 19-asrning oxiri — 20-asrning boshlarida hozirgi O’zbekiston hududida urug’chilik qoldig’i bo’lmish qon uchun tovon — Xun olish odati saqlanib kelgan. Qotil “xundor” deb atalgan. Marhumning qarindoshlari “xun so’rovchilar”, “o’ch oluvchilar” hisoblangan. Qotillik sodir bo’lgach, jabrlanuvchi tomon mahalliy hukumat — qozilarga murojaat qilgan. Qozi tomonlarning o’zaro munosabatlarini shariat asosida aniqlagan. Qasddan o’ddirilgan yaqin qarindosh uchun Xun olishga shariat ijozat bergan (“qonga qon — jonga jon”). Xun faqat haqiqiy qotildan olingan. Shuningdek, shariat qotillik va mayib qilganlik uchun Xun o’rniga keltirilgan zararni qoplash maqsadida uni moddiy mablag’bilan almashtirishga imkon bergan. Masalan, o’ldirilgan odamning qoni uchun tovon puli to’langan. Tovon hajmi marhumning mehnat qobiliyati, jamoadagi o’rniga bog’liq bo’lgan. Masalan, katta yoshli erkakning Xuni ayol Xunidan va ayol Xuni qiznikidan qimmatroq bo’lgan. Mabodo marhumning oilasi boquvchisiz qolsa, qotil butun umri davomida yordam berishi shart bo’lgan. Ayrim xalqlarda katta tovonlar to’lash uchun qarindosh-urug’lardan mablag’ to’plangan. Tovon to’lab bo’lingach, tomonlar yarashishgan va ular o’rtasida o’zaro munosabatlar davom ettirilgan. Jahondagi ko’p mamlakatlarda hozirgi Xun olish taqiqlangan. Ad.: Bo’riev O. va b., O’zbek oilasi tarixidan, T., 1995.