Xurritlar, xurriylar

Xurritlar, xurriylar — til jihatidan urartlarga qardosh bo’lgan qadimgi qabilalar. Shimoliy Mesopotamiya va Dajla daryosining so’l irmoqlari havzasida miloddan avvalgi 3-ming yillikdan, miloddan avvalgi 2-ming yillikdan esa Frot Daryosining yuqori va o’rta havzasida, Suriya, Tavr tog’lari, qisman Falastinda va boshqa yerlarda yashaganlar. Xurritlarning eng ko’p tarqalgan markazi Zakavkaze bo’lgan degan taxminlar mavjud. Suriya va Mesopotamiyada Xurritlar somiylar bilan aralash yashashgan. Miloddan avvalgi 16 —13-asrlarda Xurritlar Shimoliy Mesopotamiyada Mitanni davlatini barpo etib, Xett podsholigiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Miloddan avvalgi 2 —1-ming yillik boshidagi ossuriy manbalarida Xurritlar Subareylar deb qayd etilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Xurritlar Armaniston tog’lari atrofida tarqoq holda yashashgan. Xurritlar mixxat yozuvidan foydalanishgan.