Xurushlash
Xurushlash, texnikada kattik materiallar (metall, qotishma, shisha va boshqalar) sirtiga kimyoviy va elektrkimyoviy usullarda ishlov berish. Kimyoviy ishlov kislotalar (sulfat kislota, nitrat kislota, ftorid kislota, xlorid kislota) ning suvdagi eritmasi, o’yuvchi ishqorlar va ishqorli eritmalarda, elektrkimyoviy ishlov esa shunday muhitlar hamda tuzli eritmalarda elektr toki ta’sirida amalga oshiriladi. Xurushlash uchun maxsus vannalarga eritma to’ldirilib, buyum ana shu eritmaga botiriladi, yo bo’lmasa, uzluksiz yoki davriy ishlaydigan qurilmalarda eritmalar buyumga purkaladi. Xurushlash orqali metallar (qotishmalar) sirtidagi kuyundi (metall zaki) ketkaziladi, metal zagotovkalar zarur o’lcham va shaklga keltiriladi, bosma sxema va klishelar sirtiga zarur qiyofa beriladi, mexanik ishlovdan keyin qolgan g’adirbudurliklar tekislanadi, shisha sirti o’ziga xos xiraroq tusli va naqshli holga keltiriladi. Bundan tashqari, Xurushlash yordamida metallar va minerallar strukturasi aniqlanadi, metallardagi nuqsonlar topiladi. Xurushlashning gazli, ultratovushli va boshqa usullari ham bor.