Xusrav
Xusrav — Sharqda an’anaviy badiiy obraz. Xusrav dastlab 6-asrda pahlaviy tilida yaratilgan “Xusrav va Ridak” asarida uchraydi. Asar axloqiy-ta’limiy xarakterga ega bo’lib, unda musiqa, xattotlik, insho, o’q otish, chovganbozlik, kurash, shatranj va nard o’yinlarini egallagan yosh yigitning hojasi Xusrav bilan savol javoblari tasvirlangan. Xusravning prototipi sosoniylar shahanshohi Xusrav II Parvizdir. Xusrav Firdavsiy “Shohnoma”si qahramonlaridan biri hisoblanadi. Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” dostonida u mukammal badiiy obraz darajasiga ko’tarilgan. Shundan so’ng bu obraz yaqin va O’rta Sharq hamda Hindiston xalqlarining og’zaki ijodi, yozma adabiyotidan keng o’rin olgan. Hatto Xusrav Tabariy, Johiz, Bal’amiy, Saolibiy singari olimlar asarlarida ham ijobiy obraz sifatida tasvirlangan. Keyinchalik Xusrav obrazi Xusrav Dehlaviyning “Xusrav va Shirin” (13-asr), Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” (15-asr), Hotifiyning “Xusrav va Shirin” (16-asr), Vahshiy Bafqiyning “Farhod va Shirin”, (16-asr), Ruhilaminning “Xusrav va Shirin” (17-asr) singari asarlarida ham keng tasvirlangan. Garchi Nizomiy Xusravni haqiqiy oshiq sifatida tasvirlasada, undagi xudbinlik, maishatparastlik, davlatni boshqarishdagi o’zboshimchalikni qattiq qoralaydi. Navoiy Xusravni bosqinchi, zolim, xudbin shoh sifatida tasvirlagan va qoralagan. Xurshidning “Farhod va Shirin” (1948), Samad Vurg’unning “Farhod va Shirin” (1942), Nozim Hikmatning “Ishq qissasi” (1948), M. Tursunzoda va A. Dehotiylarning “Xusrav va Shirin” (1936), G. Ptisinning “Xusrav va Shirin” (1939) dramalarida ham Xusrav obrazi mavjud. Ad.: Aliev G. Yu., Legenda o xusrave i Shirin v literaturax narodov Vostoka, M., 1960.