Xusrav Dehlaviy
Xusrav Dehlaviy (taxallusi; to’la nomi Yaminiddin Abdulhasan) (1253, Patyoli — 1325.27.9 dexdi) — fors-tojik shoiri, adabiyotshunos, bastakor. Xusrav Dehlaviyning otasi Sayfuddin Maxmud Kesh (Shahrisabz)lik bo’lib, mo’g’ullar istilosi vaqtida turkiy sulolalar hukmronlik qilayotgan Hindistonga ko’chgan. Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmish (1211— 36) unga amirlik unvonini bergan. Sayfuddin Maxmud mo’g’ullarga qarshi jangda halok bo’lgach (1261), yosh Xusrav Dehlaviyni bobosi Imodulmulk o’z tarbiyasiga olgan. Uning shaxs va shoir sifatida shakllanishida onasi Davlatnozbegimning ham xizmati katta. Xushxat bo’lgani uchun xat- tot qilish maqsadida otasi uni dastlab Qozi Sa’duddin Muhammad ixtiyoriga bergan. Lekin bolaning she’r yozishga mayli kuchli ekanini ko’rgan ustozi va bobosi uni shoir Hoja Aziziddin tarbiyasiga topshirganlar. Yoshligidan alohida qobiliyati bilan ajralib turgan Xusrav Dehlaviy o’sha zamonning asosiy fanlari bo’yicha keng va chuqur bilim olib, turk, fors, Arab va hind tillarini mukammal o’zlashtirgan. Shoir, olim, bastakor sifatida tanilgan Xusrav Dehlaviy saroy xizmatiga jalb qilingan. Uch sulolaga mansub 7 Sulton saroyida xizmatda bo’lgan Xusrav Dehlaviy o’sha davr an’analariga ko’ra, o’z asarlarini ana shu sultonlarga bag’ishlagan. Xusrav Dehlaviy umrining oxirida saroy xizmatini tark etib, Chishtiya tariqatining mashhur shayxi Nizomiddin avliyoga murid tushgan, tariqat bosqichlarini bosib o’tib, Valiulloh maqomiga erishgan. Shohona Xusrav ismidan voz kechib, faqirona Muhammad Kosales nomini olgan. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida uni avliyolar qatorida zikr etgan. Xusrav Dehlaviy Dehlida Nizomiddin Avliyoning oyoq tomoniga dafn etilgan. Ilk asarlarini “Sultoniy” taxallusida yozgan. Dexlida yashagani uchun keyin Dehlaviy taxallusini olgan. U Sharq adabiyotining deyarli barcha janrlarida ijod qilib, forsiy she’riyatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqqan. U nafaqat she’riy, balki nasriy asarlar ham yozgan. O’zining aytishicha, merosi 500 ming baytga yaqin bo’lgan. Jomiy uning 99 ta kitob yozganini aytadi, ba’zi tazkiranavislar shoirni 199 kitob muallifi deb yozadilar. Badiuzzamon Xurosoniyning yozishicha, “shoirlardan hech biri o’zidan keyin Amir Xusravchalik ko’p she’r qoldirmagan. U forsiydan tashqari, urdu, hind va Arab tillarida ham asarlar yozgan”. Hayoti davomida yozgan she’riy merosini umr fasllariga moslab, 5 devon tartib bergan shoir Sharq adabiyotida devon tuzish an’anasini boshlab bergan. Keyinchalik Jomiy va Navoiy ushbu an’anani davom ettirib, devonlarini shu tartibda tuzganlar. Bu devonlar “Tuhfat ussig’ar” (“Yoshlik tuhfasi”, 1272), “Vasat ulhayot” (“umr o’rtasi”, 1284), “G’urrat ulkamol” (“Kamolot ibtidosi”, 1293), “Baqiyai naqiya” (“Saralarning sarasi”, 1316), “nihoyat ulkamol” (“Kamolot nihoyasi” 1325) deb atalib, umumiy hajmi 32645 bayt. Shoirning 2000 dan ortiq g’azal, 300 atrofidagi qasida, 20 ga yaqin masnaviy, 1200 dan ziyod ruboiy, 500 tacha qit’a va b.oshqajanrlardagi asarlari ushbu devonlardan o’rin olgan. Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”siga javob yozish bilan xamsanavislik an’anasini boshlab bergan. Uning 1299-1302 yillarda yozilib, Alouddin Xiljiyga bag’ishlangan “Xamsa”si quyidagi dostonlarni o’z ichiga oladi: “matla’ul Anvor” (“nurlarning chiqish joyi”), “Shirin va Xusrav”, “Majnun va Layli”, “Oinai Iskandariy” (“Iskandar oyinasi”), “Hasht bihisht” (“sakkiz jannat”). U Nizomiy dostonlarining shakli va syujeti, obrazlar silsilasini saqlagan holda, ularni o’ziga xos talqin etgan va yangi mazmun bilan boyitgan. Nizomiy dostonlari shoir dunyoqarashining kengligi va bilimining teranligini namoyish etsa, Xusrav Dehlaviy “Xamsa”si ruhiyat teranligi va qalb boyligiga ega. Xusrav Dehlaviy “Xamsa”si o’zidan keyingi shoirlarga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Bundan tashqari, u “qiron ussa’dayn” (“Ikki saodatli sayyoraning uchrashuvi”, 1289), “Miftoh ulfutuh” (“g’alabalar kaliti”, 1291), “Duvalroniy va Xizrxon” (1316), “No’x sipehr” (“to’qqiz falak”, 1318), “To’g’luqnoma” dostonlarini ham yozgan. 5 risoladan iborat “e’jozi Xusraviy” (“Xusrav mo’jizasi”, 1319) nasriy asari esa adabiyot nazariyasi masalalaridan bahs etadi. Uning “Manoqibi Hind” (“Hind Manoqibi”) va “tarixi Dehli” (“Dehli tarixi”) kabi tarixiy asarlar yozganligi haqida ma’lumotlar bo’lsada, ular hozircha topilgan emas. Musiqaga bag’ishlab yozgan risolasi ham bizgacha yetib kelmagan. Ko’plab kuylarni unga nisbat beradilar. Xusrav Dehlaviy o’z asarlarida barcha zamonlar uchun muhim bo’lgan ko’plab ijtimoiy-axloqiy masalalarni badiiy talqin qilgan. Odil podsho orzusi, davlat mustahkamligi va mamlakat farovonligi, raiyat tinchligi, ma’rifat tantanasi, komil inson muammosi kabi g’oyalar shoir asarlarining asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Badiiy so’zning qudratini namoyon qilgan asarlari ijod ahli uchun mahorat maktabi hisoblanadi. Xusrav Dehlaviy rang-barang mavzu va janrlardagi badiiy yuksak asarlari bilan Hindistondagi forsiyzabon adabiyotning tamal toshini qo’ygan. Uning ijodi tufayli Xuroson va Movarounnaxr so’z san’atida mavjud bo’lgan barcha janrlar Hindiston adabiyotiga kirib borgan. Shoir asarlarining umuminsoniy ahamiyati hisobga olinib, YUNESKO qaroriga muvofiq, 1973 yil Xusrav Dehlaviyning 700 yilligi xalqaro miqyosda nishonlangan. Shoir asarlari o’zbek xalqi orasida ham keng tarqalgan, xususan, “Xamsa”si va devonlari qo’lyozmasi ko’plab ko’chirilgan. Navoiy o’z “Xamsa”sini yaratishda Nizomiy bilan bir qatorda, Xusrav Dehlaviydan ham kuchli ta’sirlangan, har bir dostoni muqaddimasida uni ustozlari qatorida ehtirom bilan tilga olib, ijodiga yuksak baho bergan. Falsafiy-tasavvufiy mavzudagi “Daryoi Abror” (“Pok kishilar daryosi”) qasidasiga javoban “Tuhfat ulafkor” (“tafakkur tuhfasi”) qasidasini yaratgan. Ogahiy “Hasht bihisht” dostonini nasrga o’girgan. Keyingi davrda shoir asarlarini Vasfiy, Chustiy, Sh. Shomuhamedov, J. Kamol, N. Muhammad, J. Suvonqulov tarjima qilgan. Shoir asarlaridan namunalar o’zbek tilida bir necha marta chop etilgan. As: Hikmatlar, T., 1973; injular ummoni, T., 1988; 333 ruboiy, T., 1991. Ad.: Jomiy A., Bahoriston, T” 1997; Samarqandiy D., Shoirlar bo’stoni, T., 1981;Homidiy H., Ko’hna Sharq darg’alari, T., 1999. Ergash Ochilov.