Xusrav II Parviz
Xusrav II Parviz (aynan — muzaffar, g’olib )(? — 628) — sosoniylar shahanshoxi (591 yildan). Hurmuzd IV ning o’g’li. Bahrom Cho’bin boshchiligidagi isyonkor zodagonlar 590 yil Hurmuzd IV ni taxtdan ag’darishgan. Biroq zodagonlarning boshqa bir guruhi Xusrav II ni shahanshoh deb e’lon qilgan. Xusrav II Bahromdan xavfsirab Vizantiyaga, imperator Mavrikiy huzuriga qochgan va 591 yil vizantiyalik va arman qo’shinlari yordamida Baxromni yenggan va taxtga chiqqan. 7-asr boshida Eronga Vizantiya imperiyasining Sharqiy va Janubiy viloyatlarini qo’shib olgan. Xusrav II ning harbiy yutuqlari bilan bir qatorda bosib olingan viloyatlar talon-toroj etilgan, mamlakatda soliqdar miqdori ko’paygan, podsho saroyi uchun sarf-xarajatlar oshgan. Shu bilan birga yangi saroylar qad ko’targan. Xusrav Parviz shoirlar, mashshoqlar, olimlarga homiylik qilgan. 7-asrning 20-yillarida Vizantiya xazarlar va turklar bilan ittifoq tuzib Xusrav II ga qarshi chiqqan. Imperator Irakliyning Ktesifonga yurishidan so’ng Xusrav II. zodagonlar tomonidan taxtdan tushirilib, qatl etilgan. Sharq xalqlari og’zaki ijodi va yozma adabiyotida uning obrazi keng tarqalgan.