Xusravoniy
Xusravoniy (forscha Shohlarga mansub) — O’rta Osiyo va Eron qadimgi bastakorlik san’ati, xususan, Borbad ijodiga nisbat etilgan musiqiy asarlar turkumi. Dastlab, 7 qismdan iborat bo’lib, 7 xil pardada kuylanuvchi shohona (jasorat, mardlik va boshqalar) mavzularga oid (ayrimlari “Avesto” matnlaridagi) qo’shiqlardan tuzilgan. Keyinroq bular asosida o’zga mavzular qamrovidagi turkumli asarlar yuzaga kelgan (masalan, “arus ganji” — “gov ganji” — “shaboda ganji” — “Afro- Siyob ganji”; “Eraj qasdi” — “Siyovush qasdi” — “g’amdor” — “dodu faryod”; va boshqalar). Xusravoniy turkumlari Sharq badiiy (Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Navoiy va boshqalar) va ilmiy (Forobiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Muhammad Nishopuriy, Xoja Abdulqodir Marog’iy va boshqalar) asarlarda keng ta’riflangan. Risolalarda ko’rsatilishicha, turli ommaviy tadbirlar, xususan, Navro’z bayrami va hatto harbiy yurishlar Xusravoniy turkumidagi kuy va qo’shiqlarsiz o’tmagan. Xusravoniy keyinchalik o’n ikki maqom tizimi va o’zga mukammal turkumlar shakllanishida omil vazifasini o’tgan. Ad.: Gafurbekov T., Tvorcheskie resursi nasionalnoy monodii, T., 1984; Borbad, epoxa i Tradisii kulturi, Du- Shanbe, 1989. To’xtasin G’afurbekov.