YADRO QUROLI

YADRO QUROLI — shikastlash vositasi yadro zaryadidan iborat bo’lgan qurol. Yadro reaktsiyasi natijasida vujudga keladigan portlash (atom yadrosining zarrachalarga bo’linishi), zarrachalar sintezi yoki ikkala jarayonning bir vaqtda sodir bo’lishi vaqtida ajralib chiqadigan ichki energiyadan foydalanishga asoslangan yadro bombasi, uni nishonga yetkazish vositasi (raketa, torpeda, samolyot, artilleriya to’pi) va bombaning nishonga aniq borib tushishini ta’minlaydigan boshqarish qurilmalaridan iborat. Yadro quroli yadro energiyasining olinish usuliga qarab, yadro va termoyadro (vodorod) qurollariga bo’linadi. Yadro o’qdorilariga aviasiya bombalari, artilleriya snaryadlari, raketalarning jangovor qismlari, dengiz torpedalari, suv osti bombalari va minalari (atom fugaslari) kiradi. Yadro quroli zarb to’lqini, yorug’lik nurlanishi, singuvchi radiatsiya va radioaktiv zaharlash va boshqalar turli shikastlantiruvchi ta’sirlarga ega. Yadro snaryadlarining quvvati trotil ekvivalenti bilan tonna, kilotonna (1 Kt — 1000 t) yoki Megatonna (1 mg — 1 million tonna) larda o’lchanadi. Yadro quroli quvvatiga qarab, kichik quvvatli (15 Kt gacha); o’rtacha quvvatli (15-100 Kt), katta quvvatli (100-500 Kt), juda katta quvvatli (500 Kt dan yuqori) qurollarga bo’linadi. Yadro quroli havoda, yer (suv) ustida, yer (suv) ostida portlashi mumkin. Yadro quroli taktik va strategik jihatdan farklanadi. Taktik qurollarga turli masofaga uchuvchi boshqariladigan va boshqarilmaydigan reaktiv snaryadlar (raketalar), samolyotlar, suv osti kemalari, shuningdek, yadro zaryadi tashuvchi yirik kalibrli stvolli artilleriya kiradi. Taktik va strategic qurollar o’rtasida keskin chegara yo’q, ba’zi sharoitlarda taktik maqsadlar uchun mo’ljallagan yadro zaryadlari strategik jahatdan ham qo’llanilishi mumkin. Yirik strategik nishonlarni shikastlantirish uchun mo’ljallangan yadroning jangovar qismlari 1-5 million t (hatto 40-50 million tonnagacha) trotil ekvivalentiga ega bo’lishi mumkin. Strategik yadro qurollarini eltuvchilar uzoqqa uchuvchi raketalar, qit’alararo ballistik raketalar, samolyotsnaryadlar va strategik bombardimonchi samolyotlardir. Qudratli yadro zaryadlarini nishonga eltishda yerning sun’iy yo’ldoshlaridan foydalanish rejasi ham bor. Yadro quroli 20-asrda yadro fizikasining taraqqiy etishi munosabati bilan 40-yillar boshida paydo bo’ldi. Birinchi portlash 1945 yil 16 iyulda Alamogodro poligonida (AQSh) amalga oshirildi. 1945 yil avgust oyida esa har birining quvvati 20 Kt bo’lgan 2 atom bombasi Yaponiyaning Xirosima (6 avgust) va Nagasaki (9 avgust) shahrilariga tashlandi. Sobiq SSSR da termoyadro bombasi birinchi marta 1953 yil 12 avgustda sinab ko’rildi. Yadro quroliga ega bo’lgan davlatlar AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Xitoy (rasmiy ma’lumotlarga ko’ra) (2005).