YADRO QUROLI SINOVLARINI TAQIQLASH TO’GRISIDAGI SHARTNOMA

YADRO QUROLI SINOVLARINI TAQIQLASH TO’GRISIDAGI SHARTNOMA — ko’p tomonlama xalqaro shartnoma. 1963-yil 5-avgustda AQSH, Buyuk Britaniya va SSSR tomonidan Moskvada imzolangan. 117 davlat shartnomaga qo’shilgan (1990). Mazkur shartnoma havoda, undan tashqarida (shu jumladan, kosmik fazoda), suv ostida (shu jumladan, hududiy suvlar va ochiq dengizda) har qanday yadro portlatishlarini man etadi, shuningdek, agar bunday portlatish uni amalga oshirayotgan davlatning o’z vakolati va nazorati ostidagi hududiy chegaralardan tashqarida radioaktiv yog’inga sabab bo’lsa, har qanday boshqa muhitda ham yadro portlatishini taqiq etadi.