YADRO SPEKTROSKOPIYASI

YADRO SPEKTROSKOPIYASI — atom yadrosi tuzilishi xususiyatlari va aylanishlarini o’rganadigan yadro fizikasi sohasi; bunda radioaktiv bo’linishda yoki yadro reaktsiyalarida hosil bo’ladigan zarralarning energetik spektri, intensivligi, burchak bo’yicha taqsimlanishi va qutblanishini o’lchash bo’yicha turli holatdagi yadrolarning xossalari (energiyasi, spinlari va boshqalar) tekshiriladi. Yadrolarning tuzilishi va yadroviy kuchlar haqidagi ta’limot uch manbaga: radioaktiv yemirilish, yadro reaktsiyalari va yuqori Energiyalar fizikasiga asoslangan. Radioaktiv yadrolar yemirilganda hosil bo’ladigan turli xil nurlanishlarni o’rganib, yadroning tuzilishi haqida ma’lumot olinadi. Yadro tuzilishini o’rganish maqsadida nazariy jihatdan yadro modellari yaratilib, uning haqiqiy yadrolarning xususiyatlariga to’g’ri kelishi yoki kelmasligini tekshirish mumkin. Atom yadrosi strukturasini o’rganishda yadro modellarining ahamiyati katta bo’lib, ular Yadro spektroskopiyasining nazariy asosi hisoblanadi. Yadro spektroskopiyasining muvaffaqiyati asosida yadroning ichki tuzilishi haqida model tasavvurlar vujudga keldi. Yadro spektroskopiyasining eksperimental va nazariy tadqiqotlar natijalari xalq xo’jaligining yadro energetikasi, aktivasion tahlil, tibbiyot, texnika va boshqalar sohalarda keng qo’llaniladi.