Yadro zimistoni nimani anglatadi?
Shu paytga qadar yer yuzida, yadro qurolini qo’llab urush qilish mumkin, deb hisoblaydigan odamlar bor. Biron davlat yoki biron zo’ravon o’z raqibi ustiga bitta atom bombasi tashlaydimi, o’ntami yoxud yuztami — buning farqi yo’q. Har qanday holatda ham, behad ulkan kuch-qudratini inobatga olmasdan bunday quroldan foydalanishning oqibati tuzatib bo’lmas darajadagi halokatdir. Bu qurol faqat raqib uchungina emas, balki butun sayyoramiz uchun halokatlidir. Olimlar, mabodo, ixtilof yuz berib, oqibatda kimdir yadro zaryadli raketalarni uchirish knopka-tugmasini bosgudek bo’lsa, yer yuzida qanday fojeaviy manzara yuz berishining g’oyat haqqoniy stsenariysini allaqachon ishlab chiqishgan. Aniqrog’i, bunday holdan keyin sayyoramizda yadro zimistoni boshlanadi. Bu nima degani o’zi? Uning insoniyat taqdiriga keltiradigan oqibatlari qanday bo’ladi? Eng avvalo, yer shari yadro tuni og’ushida qoladi. Yadro qurollarining portlashi keng miqyosdagi yong’inlarni boshlab beradi. Oqibat-natijada atmosferaga ulkan miqdorda radioaktivlik changi va qurumi ko’tariladi. Bu zarralar bilan eng quyi qatlam bo’lmish troposferadan tortib eng yuqori qatlam bo’lgan stratosferagacha — butun havo kengligi “to’yinadi”. Yoruglik radioaktiv qurumning qora pardasi orqali sizib o’ta olmaydi va yerda uzoq oylar mobaynida “yadro zimistoni” hukmronlik qiladi. Hali bu hammasi emas. Qorong’ulik, qanday tarzda bo’lmasin, uning ichida mavjud tirikchilik kechadi. Lekin atmosferadagi qurum quyosh radiatsiyasining, quyosh haroratining yo’lini berkitadi, bu esa havoning keskin sovushiga olib keladi, oqibatda oziqa, hosil yetishtirilmaydi va ocharchilik boshlanadi. Pirovardida, urush kulfatlariga chidagan aholining ulkan qismi yo qahraton sovuq dastidan, yoki ochlikdan halokatga yuz tutadi. Shuncha azob-uqubatlarga qaramasdan tirik qolganlar-chi? Ularni nimalar kutadi? Yadro tuni va yadro zimistoni, hoynahoy, abadiy emasdir? Qachonlardir ular o’tib ketar? Lekin bundan odamlarga hech bir yengil bo’lmaydi. Keng miqyosdagi yong’inlar oqibatida atmosferada paydo bo’lgan birikmalar sayyoramizni o’rab turgan ozon qatlamini buzadi. Tirik qolganlarning boshiga Quyoshning shafqatsiz ultrabinafsha nurlari yog’iladi. Bunday holat butun muhitni egallab olgan raditasiya bilan birga qo’shilib, yer yuzida shunday bir vaziyatni yuzaga keltiradiki, rak-saraton kasalligi oddiy tumovlash singari keng tarqaladi. Mayib-majruhlik odatdagi holga aylanadi, bolalarning sog’lom tug’ilishi — kamyob hodisa tusini oladi. Bamisoli hozirgi kunda ayrim bolalarning ikkiboshli yoki uchoyoqli bo’lib tug’ilishi singari.