YALLA

YALLA — o’zbek xalq ijodida keng tarqalgan, raqs bilan ijro etiladigan qo’shiq turi. Xalq so’zi, mumtoz va zamonaviy shoirlar she’rlariga aytiladi Yalla yakka, ko’pincha 2 va undan ortiq ijrochi tomonidan (doira va cholg’u ansambli jo’rligida) ijro etiladi. Aksariyat Yallalar ishq-muhabbat mavzuida bo’lib, jozibali, o’ynoqi xarakterga ega. Yalla 2 turga bo’linadi: 1) qo’shiqjanriga yaqin, kuyi nisbatan tor diapazonli, asosiy misralar yakkaxon yallachi, Naqarot esa guruh tomonidan doira jo’rligida aytiladi (masalan, “Olmacha anor”, “Yallama yorim”, “hoho, Yalla”, “Qizgina”); 2) kuy diapazonining kengligi va tuzilishi (ayrimlarida baland pardali avj mavjudligi) jihatidan ashula janriga yaqin. Xalq orasida “Yaliyali”, “qalam qoshligim”, “jonon bo’laman deb”, “ayrilmasun”, “fig’ondur” kabi mumtoz Yallalar keng tarqalgan. Namanganda Yalla turkumlari mavjud: yallachi ayollar tomonidan doira jo’rligida “katta Yalla” va “Kichik Yalla” (kuyi va usuli murakkab, ijrosi mukammal) namunalari to’y marosimlari va bazmlarda ijro etiladi. Ashula va Yalla namunalaridan (“yor istab”, “Mustahzod”) yoki katta ashula va Yalladan iborat (“topmadim”, “So’rmaysan”) turkumlar ham mavjud. Hozirgi kunda Yallalar estrada yo’nalishida ham ijro etiladi. Rustam Abdullayev.