YALPI HOSIL
YALPI HOSIL, qishloq xo’jaligi ekinlarining yalpi hosili — alohida xo’jalik yoki bironbir hududiy birlik chegaralaridagi barcha ekin maydonlarida yetishtirilgan (yig’ib olingan) mahsulot hajmi. 1954 yildan boshlab hisobgaolinadi. O’zbekiston statistika organlari Yalpi hosil hajmini umuman barcha toifadagi xo’jaliklar bo’yicha tuman, viloyat, respublika miqyosida alohida-alohida hisobga oladi. Qishloq xo’jalik statistikasida Yalpi hosilning taxminiy va oxirgi hajmini aniqlash qabul qilingan. Taxminan hajm aprobatsiya usulida 1 sentyabrga bo’lgan holat bo’yicha, oxirgisi — yil oxirida belgilanadi. Yalpi hosilning taxminiy hajmini belgilashda barcha xo’jaliklardan olingan hisobot ma’lumotlari asos bo’ladi. Yalpi hosilning oxirgi hajmi taxminan ko’rsatkichlarni xo’jaliklarning noyabr va dekabrdagi yillik hisobotlari asosida qayta aniqlash yo’li bilan belgilanadi. Ekinlarning Yalpi hosilni oshirishning omillari — hosildor, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar yaratishdan, intensiv texnologiya, kompleks mexanizatsiyalash va kimyolashtirish asosida yangi agrotexnika usullarini qo’llashdan iborat.