YALPIZ
YALPIZ — labguldoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi, dorivor va efirmoyli o’simlik. Shimoliy yarim sharning iliq iqlimli mintaqalarida 20-25 turi tarqalgan. Yevropa mamlakatlari, AQSh, Ukraina, Belorussiya va shimoliy Kavkazda Yalpizning taxir (achchiq) Yalpiz va jingalak Yalpiz, Xitoy, Hindiston, Braziliya va boshqalar mamlakatlarda dalayoki suv Yalpiz turlari ekiladi. O’zbekistonda 4 turi: suv Yalpiz, Osiyo Yalpizi, taxir (achchiq) Yalpiz va jingalak Yalpiz. Yovvoyi holda o’sadi, poyasi tik shoxlangan, bo’yi 25-100 santimetrgacha, barglari qarama-qarshi joylashgan, rombsimon, nashtarsimon yoki tuxumsimon, gullari chala soyabonsimon to’pgulga yig’ilgan, binafsharang. May—oktabrda gullaydi. Yalpiz yorug’sevar, namsevar o’simlik. Barglarida 2,5— 3%, gullarida 4-6%, poyasida 0,3% mentol (validolning tarkibiy qismi)ga boy bo’lgan efir moyi, shuningdek, flavonoidlar, vitaminlar, oshlovchi moddalar bor. Tibbiyotda Yalpiz bargidan tayyorlangan tindirma (nastoyka) va damlamasidan ko’ngil ayniganda hamda o’t haydovchi vosita sifatida foydalaniladi. Barglari va poyasidan olingan yalpiz moyi parfyumeriya, oziq-ovqat sanoatida va tibbiyotda, bahorda yangi chiqqan barglari oshko’k sifatida ishlatiladi. Vegetativ (bahorda ildizini bo’lib ekish) yo’li bilan ko’paytiriladi. O’zbekistonniig barcha viloyatlarida nam erlarda, ariq va daryo bo’ylarida o’sadi.