YAMS
YAMS — yamsdoshlar oilasiga mansub bir pallali chirmashib o’sadigan o’tsimon o’simliklar turkumi, tuganak ildizmevali ekin. Vatani — Myanma. Tropik va subtropik mintaqalarda 250 ga yaqin turi tarqalgan. G’arbiy Zakavkaze va Uzoq Sharq o’rmonlarida Yamsning 2 yovvoyi turi, Kavkazning qora dengiz bo’ylarida tezpishar navlari o’sadi. Jahon mamlakatlari bo’yicha Yams maydonlari 3,8 million gektar, hosildorligi 96,03 tsentner/gektar, yalpi hosili 36,9 million (1999). Janubiy Osiyo, Shimoliy Amerika mamlakatlarida, Afrikada katta maydonlarda yetishtiriladi. Yamsning ko’p turlari kraxmalga boy bo’lgan yirik tuganaklar hosil qiladi. Tuganaklari oq, qizil, binafsha rangda. Bir tuganagi vazni 2— 2,5 kilogramm. Ko’pgina mamlakatlarda kartoshka kabi ovqatga ishlatiladi.