Yangi yil sharqda qachon nishonlanadi?
Ba’zi Sharq mamlakatlarida yangi yil oy kalendari bo’yicha, ya’ni 31 dekabrda emas, balki yanvarning oxiri yoki fevralning dastlabki kunlarida nishonlanadi. Xitoyliklar, vetnamliklar, yaponlar va koreyslarda birinchi yangi oyning yangi oy chiqqan kuni yangi yil bayrami nishonlanadi va u bahor kelganidan darak beradi. Shu tufayli yangi yilga ko’plab gul bozorlarida bizdagidek archa emas, balki bahor kelganini bildiruvchi shaftoli novdalarini sotishadi. Yangi yilga tayyorgarlik hamma joydagi kabi, bayramdan ancha oldin boshlanadi. Ikki hafta oldin gavjum maydonlarda bayram bozorlari ochilib, bu yerdan turli -tuman o’yinchoqlar, yulduzchalar, turli shakldagi — baliq, ajdaho, ot, qush ko’rinishidagi fonarlarni sotish yo xarid qilish mumkin bo’ladi. Bu antiqa shakllar orasida shamlar yoqiladi. Bu kuni ko’p miqdorda xamirdan yasalgan o’yinchoqlar sotiladi. Otga mingan chavandozni, hashamdor kiyinvolib eshkak eshayotgan qayiqchilar, xamirdan yasalgan beqiyos go’zal nilufar gullar, hayvon va qushlar shakllarini uchratish mumkin. Loydan yasalgan hayvon va odam shakllari ham tayyorlanadi. Vyetnamda yangi yilga albatta yangi shlyapa sotib olish kerak. Yangi yil bozorlarida istagancha fason va ranglardagi shlyapalar, hatto tirik zog’orabaliq ham sotiladi. Vyetnamliklar tushunchasiga ko’ra, zog’orabaliqda oila o’chog’ining ruhlari osmonga ko’tarilib, Oliy xoqonga o’tgan yilda oilaning har bir a’zosi o’zini qanday tutgani haqida gapirib beradi. Ma’lum bir kunda ruhlar tasviri oldida xushbo’y tayoqchalar va shamlar yoqiladi, shirin taomlar qo’yiladi. Shirinlik qo’yilishiga sabab ruhlarning lablari yopishib qolib, osmonda oila a’zolari haqida ortiqcha gaplarni aytmasin, deyishadi. Ko’ryapsizmi, yangi yilni bayram qilish ham butun boshli bir rasm – rusum. Shlyapalarga Sharqda alohida munosabat mavjud. Bu yerda shlyapa xukmronlik ramzi hisoblanadi va katta amaldorlarning zaruriy buyumi sanaladi. Sharqda yangi yilni nishonlash bilan o’tadigan tantanali marosimlar ma’lum ma’noga ega bo’ladi. Masalan, bayram arafasida barcha katta shaharlaru kichik qishloqlarda mushaklarning qars – qursi tinmaydi. Ular yovuz ruhlarni bayramni buzmasligi uchun quvadi. Yangi yilni nishonlash odatda bir necha kun davom etadi. Ikkinchi kuni yaqin qarindoshlar, ota – onalarni albatta ziyorat qilinadi, uchinchi kuni esa o’qituvchi – ustoz uyiga borib uni qutlashadi. Yangi yilning birinchi kunlarida oq rangdagi libosni kiyish mumkin emas (Sharqda bu motam rangi hisoblanadi), o’lim haqida gapirish mumkin emas, maymunga o’xshab muqom qilmaslik, axlat tashlamaslik zarur bo’ladi.