YAPON TURPI

YAPON TURPI, daykon — karamguldoshlar oilasiga mansub ikki yillik o’simlik turi, sabzavot ekini. Vatani— Yaponiya. Zakavkaze, O’rta Osiyo va uzoq Sharqda ekiladi. Bargi uzun (1 metrgacha), to’pguli shingil, ikki jinsli, oq, pushti, binafsha yoki sariq rangli, chetdan Changlanadi. Urug’i yirik, yumshoq, qo’zoqcha. Bir tup o’simlikdan 20-30 gramm urug’ olinadi. Ildizmevasining og’irligi 30 kilogramm (uzunligi 70-80 santimetr)gacha, po’sti yupqa, sersuv, sershira, rangi oq. Tarkibida oqsil, qand, kletchatka, S vitamini bor. Yangiligida, ayrim paytlarda dorivor sifatida iste’mol qilinadi. Ovqat hazm qilishda yaxshi foyda beradi. Yapon turpi O’zbekistonning Shimoliy rayonlarida yaxshi o’sadi. Yapon turpining “Favorit” navi bahorda, ayrim navlari yoz (iyun) da ekiladi. Hosildorligi 800- 1000 tsentner/gektar.