YARIMO’TKAZGICHLI ASBOBLAR
YARIMO’TKAZGICHLI ASBOBLAR — yarimo’tkazgichlaraa yuz beradigan elektron jarayonlar asosida ishlaydigan elektron asboblar. Elektronikada turli signallarni o’zgartirishda, energetikada esa bir turdagi energiyani boshqa turdagi energiyaga aylantirishda qo’llaniladi. Vazifasi, ishlash tarzi, materiali, tuzilishi va texnologiyasi, ishlatilish sohasiga qarab tasniflanadi: elektr kattaliklarini ikkinchi elektr kattaliklariga o’zgartiradigan elektr o’zgartirgich asboblar (diod, tranzistor, tiristor va boshqalar); yorug’lik signallarini elektr signallariga va aksincha aylantiruvchi optoelektron asboblar (optron, fotorezistor, fotodiod, fototranzistor, fototiristor, yarimo’tkazgichli lazer, yorug’lik tarqatuvchi diod va boshqalar); issiqlik energiyasini elektr energiyasiga va, aksincha, aylantiruvchi termoelektr asboblar (termoelement, termoelektr Generator, quyosh batareyasi, thermistor va boshqalar); magnitoelektr asboblar; pezoelektr va tenzometrik asboblar (asosiy sinf) va hokazolar. Integral sxemalar (elektr o’zgartiruvchi va optoelektronli bo’lishi mumkin) ayrim sinfga kiradi. Yarimo’tkazgichli asboblar yarimo’tkazgich materialga qarab, germaniyli, kremniyli va hokazolar bo’lishi mumkin. Tuzilishi va texnologik alomatiga ko’ra, Yarimo’tkazgichli asboblar nuqtali va yassi xillarga, ishlatilish sohasiga qarab, yuqori chastotali, yuqori voltli, impulsli va boshqalarga ajraladi.