YASSAVIYLIK
YASSAVIYLIK — tasavvufdagi tariqatlardan biri. Asoschisi Ahmad Yassaviy. 12-asrda O’rta Osiyoda paydo bo’lgan. Yassaviylik ta’limotiga ko’ra, komil Murshid (Shayx)ning zimmasidagi birinchi vazifa oliy insoniy sifatlarni o’zida mujassam etish, shariat ilmini mukammal egallab, so’ng muridlarni ortidan ergashtirishga erishishdir. Yassaviylikka ko’ra, murid quyidagi talablarga rioya qilishi zarur: biror kishini o’z murshididan ustun qo’ymasligi va unga mutlaq ehtirom bilan bog’lanishi; zikr va idrok sohibi bo’lishi, ustozining ramzi va ishoratlarini oson ilg’ashi; so’zda to’g’ri, va’daga vafodor bo’lishi; ustozining amr, taklif, va’z va nasihatlarini nazardan soqit etmay kamolga intilishi. Haziniyning “Javohir ulabror” asarida Yassaviylikning asoslari quyidagicha qayd qilingan: tavhidga asoslangan tasavvufiy tushunchalar; shariat va payg’ambarning sunnatiga mutlaq bog’liqlik; shariatga tayangan tariqat; riyozat va mushohada; xilvat va zikr. Yassaviylikda ilmma’rifat egallash, himmat va saxovat tuyg’ularini kamol toptirish, nafsga qarshi kurashda sobit bo’lish, halol mehnat bilan rizq topishga alohida ahamiyat berilgan. Yassaviylik zikri jahriyga asoslanilgan. Tasavvuf ta’limotiga ko’ra, insonning asl vatani mutlaq borliq. Inson shu borliqda paydo bo’lgan, o’sha muqaddas borliqqa qaytmog’i muqarrar. Shu bois haqiqiy sufiy vatan va vatanparvarlik borasida tor tushunchaga berilmasligi kerak. Yassaviylik ko’plab olim, shoir va davlat arboblari qalbini zabt aylagan. U faqat Movarounnahrda emas, balki Xuroson, Ozarbayjon, Turkiyada ham keng tarqalgan.