YASSI CHUVALCHANGLAR

YASSI CHUVALCHANGLAR — tuban chuvalchanglar tipi. Gavdasi 2 tomonlama simmetriyali, cho’ziq, ko’pincha orqaqorin yo’nalishida yassilashgan. Uzunligi 0,2 millimetrdan 18 metrgacha. Erkin yashovchi turlarining gavda qoplog’ichi — kiprikli epiteliy, parazitlariniki — ichkariga botib kirgan yadrosiz qavat — tegumentdan iborat. Parazit turlari tanasining oldingi, ba’zan keyingi tomonida so’rg’ichlar, so’rg’ichli disk, klapanlar va irmoqlardan iborat yopishuv organlari bo’ladi. Og’zi tanasining qorin yoki oldingi tomonida. Halqumi rivojlangan, ichagi to’g’ri (shoxlanmagan, 2-3 yoki ko’p marta) shoxlangan, ba’zi erkin yashovchi turlarida rivojlangan; tasmasimon chuvalchanglarda ikkilamchi tarzda yo’q bo’lib ketgan. Ichakning keyingi bo’limi va anal teshigi bo’lmaydi. Tuban ichaksiz kiprikli chuvalchanglar ozig’i hazm qilish parenximasida hazm bo’ladi; tasmasimon chuvalchanglarda va ayrim boshqa guruhlarda oziq butun tana yuzasi orqali shimiladi. Ayirish organi — protonefridiy. Qon aylanish va nafas olish sistemasi yo’q. Teri orqali nafis oladi. Nerv sistemasi bosh gangliylar, halqumni aylanib o’tadigan halqa komissuralar va bir juft bo’ylama nerv poyalari hamda ularni tutashtirib turadigan nerv tolalaridan iborat. Yassi chuvalchanglarga erkin yashovchi ksenoturbidlar va kiprikli chuvalchanglar, parazit yashovchi aspidagastreylar, trematodalar, monogeniylar, girokotilidlar, amfilinidlar va tsestodalar sinflari hamda 12500 tur kiradi. Yassi chuvalchanglar germafrodit, jinsiy sistemasi juda murakkab, ba’zi turlari ayrim jinsli. Ko’pchiligining hayot tsikli juda murakkab. Yassi chuvalchanglar orasida odam va hayvonlar uchun xavfli parazitlar ham ko’p uchraydi.