YAUNDE

YAUNDE — Kamerun poytaxti (1960 yildan). Markaziy provintsiyaning ma’muriy markazi. Aholisi 800 ming kishi (2001). Shahar tropik o’rmon orasidagi yassitog’likda, 750 metr balandlikdagi “yetti tepalik”da joylashgan. Iqlimi ekvatorial, yanvarning o’rtacha temperaturasi 22,8°, iyulda 20,7°, yillik yog’in 1600 millimetr. Mamlakatning yirik transport yo’llari chorrahasi. Okean orqali keltiriladigan yuklar shahardan mamlakat ichkarisi, Markaziy Afrika Respublikasi va Chadga tashiladi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Oziq-ovqat (kakao moyi ishlab chiqarish, pivo pishirish, tamaki fabrikasi va boshqalar) va yog’ochsozlik korxonalari mavjud. Shaharga 1888 yilda nemislarning harbiy posti sifatida asos solingan. 1919 yildan Frantsiyaning Sharqiy kamerun mulkining, 1946— 60 yillarda Frantsiya boshqaruvi ostidagi BMT vasiyligidagi hududning ma’muriy Markazi. Shahar zamonaviy reja asosida qurilgan. Yaundeda hukumat muassasalari, banklar joylashgan. Universitet, ilmiy tekshirish institutlari, kutubxona va muzeylar bor.