YAXNA

YAXNA (forscha tojikcha — sovitilgan) — qadimiy taomlardan biri. Dastlab olov kashf qilinib, qozon paydo bo’lganidan keyin suvda qaynatib pishirib sovitilgan holda iste’mol qilinadigan taomlar; sovitilgan ichimliklar. Yaxna taomlarga hayvonot masalliqlaridan tayyorlanadigan qazi, qarta, qorin, xasip, dumbajigar, kallapocha, sutli o’pka, liqliq, yaxna go’sht va boshqalar kiradi. Yaxna ovqatlarni sabzavotlardan ham tayyorlash mumkin. Yaxna go’sht tayyorlash uchun yaxlit go’sht bo’laklari qaynab turgan suvga yoki sho’rvaga solinadi, 1 — 1,5 soat mildiratib qaynatiladi, qozonga tuz, archilgan butun piyoz, sabzi, sarimsoq va boshqalar solinadi. Go’sht pishgach, suvdan olinib, havoda sovitiladi, qalamlab yoki yaproqlab kesib, murchli piyoz yoki sabzavotlar bilan dasturxonga tortiladi.